Все новости Узбекистана и мира на сайте Repost.uz

Toshkentda yangi xalqaro aeroport qurilishi boshlandi

Shavkat Mirziyoyev yangi Toshkent xalqaro aeroporti poydevoriga kapsula qo‘yib, qurilishini boshlab berdi.

Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatida yangi xalqaro aeroport loyihasi taqdimoti bilan tanishdi hamda mazkur ulkan majmua qurilishi boshlanishiga bag‘ishlangan marosimda ishtirok etdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari o‘z nutqida kelgusida ham transport infratuzilmasi jadal rivojlantirilishini taʼkidladi.

Jumladan, kelgusi besh yilda aviaparkdagi havo kemalari 180 taga, yo‘nalishlar 230 taga, mahalliy va xalqaro aviaqatnovlar soni esa yiliga 200 mingga yetkaziladi. Aeroport infratuzilmasini xususiy sheriklik asosida rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar izchil davom ettiriladi.

"Ushbu islohotlarimizning pirovard natijasida O‘zbekistonni Sharq va G‘arb, Janub va Shimolni bog‘lovchi yirik aviatsiya xabiga aylantirishni maqsad qilganmiz", – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yangi xalqaro aeroport qurilishi bunga katta zamin bo‘lishi qayd etildi.

Tahlillarga ko‘ra so‘nggi sakkiz yilda poytaxtga avia yo‘lovchilar oqimi 3 karra oshib, yiliga 9 mlnga yetdi. 2040-yilga borib, 24 mlndan oshadi. Lekin yiliga 11 mln odamga xizmat ko‘rsatadigan hozirgi aeroport shahar hududida joylashgani uchun uni kengaytirishning imkoniyati yo‘q. Shu bois, sohadagi yetakchi xorijiy ekspertlar va jamoatchilik vakillari bilan muhokama qilinib, O‘rta Chirchiq va Quyi Chirchiq tumanlaridagi 1300 gektar maydonda yangi xalqaro aeroport barpo etilmoqda.

Saudiya Arabistonining “Vision Invest”, Yaponiyaning “Sojitz” va Koreyaning “Incheon” kompaniyalari ishtirokidagi xalqaro konsorsium bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan loyiha 4 bosqichdan iborat bo‘lib, birinchi bosqichda 2,5 mlrd dollar evaziga aerovokzal hamda aerodrom quriladi. Bu bilan terminallar orqali yiliga 20 mln nafar yo‘lovchi va 129 ming tonna yuk o‘tkazish, soatiga 30 ta uchish-qo‘nish operatsiyalarini bajarish, 14 ta teleskopik traplardan foydalanish hamda bir vaqtning o‘zida 62 ta havo kemasini saqlash imkoniyati yaratiladi.

Ushbu aeroport aviatsiya xizmatlari sifatini oshirish, parvozlar xavfsizligini taʼminlash, texnik jihatdan tartibga solish bo‘yicha Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotining talablariga to‘liq javob beradi.

Eng ilg‘or aeronavigatsiya va parvozlar xavfsizligini taʼminlash tizimlari o‘rnatilib, har qanday ob-havo sharoitida samolyotlarni qabul qilish mumkin bo‘ladi.

Yana bir muhim jihati, bu loyiha “yashil” standart tamoyillariga javob beradigan mintaqadagi birinchi aeroport bo‘ladi. Terminallarda 46 ming kvadrat metrlik “Duty free” zonasi tashkil etiladi.

Yangi aeroportni qurish orqali multimodal transport bog‘lamasi tashkil etiladi. Ushbu hudud Toshkent – Samarqand, Toshkent – Andijon, Toshkent – Bo‘stonliq pullik avtomobil yo‘llariga ulanadi. Bu yerda zamonaviy temir yo‘l stansiyasi qurilib, tezyurar poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Poytaxt va Yangi Toshkent markazlari shattl transport xizmatlari orqali bog‘lanadi.

Eng asosiysi, yangi aeroport iqtisodiy jihatdan ham davlat uchun jozibador bo‘lib, bu loyiha mamlakatga 27 mlrd dollardan ortiq daromad keltiradi. 

Davlat rahbari tadbirda ishtirok etayotgan xorijiy hamkorlar, moliya tashkilotlari, turistik kompaniyalar vakillariga minnatdorlik izhor etdi. Yangi aeroportning barpo qilinishida qatnashadigan barcha mutaxassislar, muhandislar va qurilish jamoasiga yuksak ishonch bildirdi.

Shavkat Mirziyoyev yangi Toshkent xalqaro aeroporti poydevoriga kapsula qo‘yib, qurilishini boshlab berdi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling