Toshkentdagi basseynlardan birida 24 yoshli yigit vafot etdi

Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Toshkentdagi “Yangi O‘zbekiston bog‘i”da joylashgan “Orzular sohili” dam olish maskaniga 31-iyul kuni fuqaro S.D. soat 16:00 larda tanishi T.S. bilan birga kelib, suv havzasida cho‘milgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Shundan so‘ng, soat taxminan 16:25 larda suv qirg‘og‘ida bo‘lgan A.A. fuqaro S.D. ning suv havzasi o‘rtasida boshi bilan suvga kirgan, gavdasi esa chiqib qolganligi hamda uning qimirlamasdan turganligini ko‘rgan. 

A.A. fuqaroning cho‘kkanligiga shubha qilib, uning oldiga suzib borgan vaqtida S.D. xushsiz holda yotganligini ko‘rib, suv havzasi qirg‘og‘iga olib chiqqan.

Shuningdek, maskan shifokorlarini chaqirib, S.D.ga ko‘rsatilgan tez tibbiy yordamga qaramasdan vafot etganligi aniqlangan.

Sud tibbiy ekspertining dastlabki maʼlumotiga ko‘ra, S.D.ning o‘limi “nafas yo‘llarining suv bilan berkilishi natijasida kelib chiqqan mexanik asfiksiya” natijasida sodir bo‘lgan.

Shuningdek, hodisa joyi tezkor-tergov guruhi aʼzolari va mutaxassislar tomonidan kriminalistika-texnika vositalari yordamida ko‘zdan kechirilib, suv xavzasidan tekshirib ko‘rish uchun naʼmunalar olingan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan Mirzo Ulug‘beuk tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling