Kelayotgan qishda ob-havo qanday bo‘ladi?

Dekabr oyi normaga nisbatan biroz issiqroq bo‘lishi kutilmoqda.

O‘zgidromet 2025–2026-yillar qish mavsumi uchun mavsumiy ob-havo prognozi bilan bo‘lishdi

Dekabr oyi normaga nisbatan biroz issiqroq bo‘lishi kutilmoqda. O‘rtacha oylik harorat normaga nisbatan 1–1,5 daraja baland bo‘ladi. Birinchi o‘n kunlikda havo asosan iliq: kechasi 0…+5 daraja, kunduzi +10…+15 daraja. 

Ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarda harorat keskin o‘zgarib turadi: kechasi +2…+7 darajadan 0…–5 darajagacha, kunduzi +12…+17 darajadan +2…+7 darajagacha. Oylik yog‘ingarchilik miqdori — norma atrofida yoki undan kam bo‘lishi kutilmoqda.

Yanvar oyi umumiy holatda normaga yaqin, ayrim hududlarda biroz sovuqroq bo‘ladi. Birinchi va ikkinchi o‘n kunliklarda harorat katta diapazonda o‘zgarib turadi: kechasi +3…+8 darajadan –3…–8 darajagacha, kunduzi +10…+15 darajadan –2…+3° gacha.

Uchinchi o‘n kunlikda anomal sovuqlar kutilmoqda: ko‘pchilik hududlarda kechasi –12…–17 daraja, — kunduzi –5…–10 daraja, Nukus va Urganch atroflarida kechasi –20…–25 darajagacha tushishi mumkin.

Fevral oyi ko‘p yillik normalarga yaqin bo‘lishi kutilmoqda. Birinchi o‘n kunlikda anomal sovuqlar davom etadi: kechasi –5…–10 daraja, kunduzi –3…+2 daraja. Ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarda havo sezilarli iliydi: kechasi –2…–7 darajadan +3…+8 darajagacha, kunduzi 0…+5 darajadan +10…+15 darajagacha. Janubiy hududlarda kunduzgi harorat +15…+20 darajagacha ko‘tarilishi mumkin. Yog‘ingarchilik — me‘yor doirasida bo‘ladi. 

Mazkur prognoz iqtisodiyot tarmoqlari va aholining ehtimoliy sovuqlar va noqulay ob-havo sharoitlariga tayyorgarligini ta‘minlash maqsadida tayyorlangan. Prognoz yakuniy harakterga ega emas, ob-havo sharoitlariga muvofiq o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling