Все новости Узбекистана и мира на сайте Repost.uz

Kambag‘al oilalar toifalarga ajratiladi

Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan va ushbu reyestrga tushish xavfi bo‘lgan oilalar “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga taqsimlanadi

Prezidentning “Kambag‘al oilalarni davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini yana-da takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Farmonga ko‘ra, 2025-yil 15-maydan Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan va ushbu reyestrga tushish xavfi bo‘lgan oilalar “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga taqsimlanadi hamda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari ularning toifasiga qarab ko‘rsatiladi.

“Qizil” toifaga – oila aʼzolarining har biriga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromadi minimal isteʼmol xarajatlaridan kam bo‘lgan va quyidagi mezonlarning biriga javob beradigan oilalar kiritiladi:

  • aʼzolarining kamida 1 nafari sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra mehnat qilish imkoniyatiga ega bo‘lmagan;
  • parvarishga muhtoj aʼzosi, shu jumladan, nogironligi mavjud farzandi bo‘lgan;
  • o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz yashovchi yoki yolg‘iz keksa yoxud yolg‘iz nogironligi bo‘lgan shaxsdan iborat bo‘lgan;
  • boquvchisini yo‘qotgan yoki boquvchisi jazoni ijro etish muassasasida bo‘lgan oila;

“Sariq” toifaga – oila aʼzolarining har biriga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromadi minimal isteʼmol xarajatlaridan kam bo‘lgan hamda aʼzolari sog‘lig‘i holatiga ko‘ra mehnat qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan oilalar kiritiladi.

“Yashil” toifaga – oila aʼzolarining har biriga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromadi minimal isteʼmol xarajatlarining 1 baravaridan 1,5 baravarigacha bo‘lgan va quyidagi mezonlarning biriga javob beradigan oilalar kiritiladi:

  • oila “qizil” yoki “sariq” toifadan chiqarilgan bo‘lsa;
  • oilaning Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilishi ehtimoli yuqori bo‘lsa.
telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling