Toshkent shahrida spirtli va salqin ichimliklar savdosi bilan shug‘ullanuvchi 2 ta xususiy korxonaning Yashnobod tumanida joylashgan omborida katta qismining yaroqlilik muddati o‘tgan ichimliklar aniqlandi. Bu haqda DXX xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, ular umumiy qiymati 429 mln 629 ming so‘mlik 79 172 dona salqin ichimliklar hamda 134 mln 845 ming so‘mlik 3 374 dona spirtli ichimliklar saqlab kelgan.
Shuningdek, omborda kirim hujjatlariga ega bo‘lmagan, qiymati 1 mlrd 187 mln so‘mlik, mahalliy va xorijdan keltirilgan 25 746 dona turli xil spirtli ichimliklar mavjudligi ham aniqlandi.
Tekshiruv davomida salqin ichimliklarning asosiy qismining yaroqlilik muddati maxsus suyuqlik yordamida o‘zgartirilib, sotuvga chiqarish uchun tayyorlab qo‘yilganligi maʼlum bo‘ldi.
O‘z navbatida, yaroqlilik muddati o‘tgan va kirim hujjatlariga ega bo‘lmagan ichimliklar sifatini tekshirish yuzasidan ekspertiza tayinlandi.
Hozirda tergovga qadar tekshiruv tadbirlari amalga oshirilmoqda.