Rossiyaning Yekaterinburg shahrida mushkul ahvolda qolgan ona va uning voyaga yetmagan farzandi O‘zbekistonga olib kelindi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
Bosh konsulxonadan olingan maʼlumotga ko‘ra, fuqaro X.M. ariza bilan murojaat qilib, moliyaviy qiyin ahvolda qolgani sababli voyaga yetmagan farzandi bilan birga O‘zbekistonga qaytarishlarini so‘ragan.
X.M. Rossiya Yekaterinburg shahriga shu yil iyul oyida vaqtincha mehnat faoliyatini olib borish maqsadida kelgan. Lekin rus tilini bilish darajasini beruvchi sertifikatni rasmiylashtira olmaganligi sababli qonuniy tarzda mehnat faoliyatini amalga oshira olmagan, natijada farzandi bilan og‘ir ahvolda qolgan.
Ona va bola diplomatlar tomonidan “Yekaterinburg-Namangan” yo‘nalishidagi samolyotda O‘zbekistonga kuzatib qo‘yildi.