2025-yil 1-apreldan auksion savdolarida yer uchastkasiga ijara huquqini olish uchun toʻlovlarni boʻlib-boʻlib toʻlash tartibi bekor qilinadi

Prezidentning tegishli qarori qabul qilindi

Prezidentning “Qishloq xoʻjaligida yerdan foydalanish samaradorligini oshirish va mahsulot yetishtirish hajmini koʻpaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Qarorga  koʻra, barcha turdagi qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarni ijaraga berishda 2025-yil 11-martdan quyidagi tartiblar joriy etiladi:

  • elektron onlayn auksion savdosini oʻtkazish toʻgʻrisidagi xabarnomani eʼlon qilish muddati 15 kundan 5 kunga, takroriy savdolarda – 5 kundan 1 kunga qisqartiriladi;
  • takroriy savdolarda faqat bir nafar talabgordan ariza kelib tushgan taqdirda, unga ushbu savdoda eʼlon qilingan narxda lotni ixtiyoriy sotib olish taklif etiladi;
  • har takroriy savdoda lot narxi 10 foizdan bosqichma-bosqich boshlangʻich narxning 20 foiziga tushganiga qadar pasaytiriladi.

2025-yil 1-apreldan auksion savdolarida yer uchastkasiga ijara huquqini olish uchun toʻlovlarni boʻlib-boʻlib toʻlash va toʻlov toʻliq toʻlanganda chegirma berish tartibi bekor qilinadi, ushbu toʻlovlar 15 ish kuni ichida toʻliq toʻlanishi shartligi belgilandi.

2025–2026-yillarda auksion savdolariga chiqariladigan qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar jami maydonining oʻrtacha 10–20 foizi chorva uchun ozuqa ekinlarini ekish sharti bilan savdoga chiqariladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling