Toshkent shahar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasiga Yakkasaroy tumani Kichik sanoat zonasi hududida yirtqich hayvon noqonuniy saqlanayotganligi haqida xabar kelib tushdi.
Murojaat hudud profilaktika inspektori bilan birga oʻrganildi va saqlanayotgan noyob yirtqich — qoraquloq ekanligi maʼlum boʻldi. Natijada qonun talablari qoʻpol ravishda buzilgan.
Maʼlumot uchun, qoraquloq butunlay yoʻq boʻlish arafasida turgan, mozaik tarqalgan tur sifatida Oʻzbekiston Qizil kitobi va Yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan yovvoyi fauna va flora turlarining xalqaro savdosi toʻgʻrisidagi konvensiyaning (CHITES) I Ilovasiga kiritilgan.
Qoraquloq Toshkent hayvonot bogʻi mutaxassislari yordamida maxsus vosita bilan uxlatilib, zararsizlantirildi va hayvonot bogʻiga topshirildi. Ayni damda yirtqichning ahvoli yaxshi va nazorat ostida.