Oʻzgidromet 2024-yilning dekabr oyini bulutli kunlari koʻp boʻlgan quruq va sovuq oy boʻldi deya baholadi.
Maʼlum qilinishicha, respublika hududining katta qismida dekabr oyining oʻrtacha oylik harorati oʻrtacha koʻp yillik qiymatlardan 1-2,5 darajaga past boʻldi. Faqat respublikaning shimolida va choʻl hududlarida harorat me’yorga yaqin boʻldi.
Oʻzbekiston hududi boʻyicha 2024-yil dekabr oyida bir qator sovuq havo massalari kirib kelishi kuzatildi. Sovuq havoning eng yuqori choʻqqisida havo harorati kechalari 8-13 daraja sovuqqacha, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Navoiy viloyatining shimolida 15-17 daraja sovuqqacha, kunduz kunlari 0-5 daraja sovuqqacha pasaydi.
2024-yilning dekabr oyida Toshkentda minimal harorat 9,4 daraja sovuqni tashkil etdi. Dekabr oyida issiq va quyoshli kunlar soni juda kam – oyning oʻrtalarida va oxirida qisqa davrlarda kuzatildi.
Bunday kunlarda maksimal havo harorati 12-17 daraja iliqqacha, eng chekka janubda 20 daraja iliqqacha koʻtarildi. Respublika shimolida, hatto eng iliq kunlarda ham harorat 7-10 daraja iliqdan yuqori boʻlmadi.
2024-yil dekabr oyi quruq boʻldi. Respublika hududining katta qismida yogʻingarchilik dekabr oyi uchun oylik me’yordan 70 foizdan kam boʻldi.
Asosan qor shaklidagi eng jadal yogʻingarchiliklar 15 va 20-dekabr kunlari kuzatildi. Qor yogʻgandan soʻng, tekislik hududlarda balandligi 2 sm dan 10 sm gacha, baʼzi joylarda 12-16 sm gacha boʻlgan beqaror qor qoplami hosil boʻlib, u bir necha kun saqlanib turgan.
Dekabr oyi oxiriga kelib, faqat Toshkent viloyatining togʻli hududlarida baʼzi joylarda qor qoplami balandligi oʻrtacha koʻp yillik koʻrsatkichlarga nisbatan 70-100 foizga yetdi, boshqa togʻli hududlarda me’yorning 30-60 foizni tashkil etdi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling