O‘zbekistonda 1-iyundan nimalar o‘zgaradi?

Kambag‘al oilalar reyestridagi oilalarni qo‘llab-quvvatlash choralari kengaytiriladi

O‘zbekiston milliy qonunchiligida 2025-yil 1-iyundan nimalar o‘zgarishi maʼlum qilindi.

Kambag‘al oilalar reyestridagi oilalarni qo‘llab-quvvatlash choralari kengaytiriladi

Qonunchilik hujjatlarida Ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan oilalar uchun belgilangan ijtimoiy xizmatlar, yordamlar va imtiyozlar Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalarga ham tatbiq etiladi.

Davlat xizmatlaridan foydalanish uchun bojlar, yig‘imlar va boshqa to‘lovlarni to‘lashda “sariq” toifaga kiritilgan oilalarga 50%, “qizil” toifaga kiritilgan oilalarga esa 75% miqdorida chegirmalar qo‘llaniladi. Kambag‘al oilalar “qizil” yoki “sariq” toifadan “yashil” toifaga o‘tganda ular uchun qonunchilikda nazarda tutilgan davlat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari keyingi 12 oy muddatga saqlab qolinadi.

Shuningdek “qizil” toifaga kiritilgan oilalarning “aʼlo” baholarga o‘qiydigan talaba qizlariga Talabalarni rag‘batlantirish jamg‘armasi hisobidan bazaviy stipendiyaning ikki baravari miqdoridagi maxsus stipendiya to‘lanadi.

Tadbirkor ish beruvchilar rag‘batlantiriladi

I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan tadbirkorlik subyektlariga 50 mln so‘mgacha subsidiya ajratilishi belgilandi. Bunda:

  • subsidiya surdotarjimon, psixolog va hamrohlik xizmatini tashkil qilish xarajatlarini qoplash uchun ajratiladi;
  • jismoniy shaxslarga hamrohlik xizmatini o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ko‘rsatishga ruxsat beriladi.

Yana uchta mamlakat uchun vizasiz rejim joriy etilmoqda

Bahrayn, Quvayt va O‘mon fuqarolari uchun O‘zbekistonga kirish kunidan boshlab 30 kun muddatga vizasiz rejim joriy etiladi.

Yo‘l harakati qoidalari buzilganligini foto va video qayd etish qoidalari o‘zgaradi

Yo‘lning qatnov qismidagi chiziqlar bilan belgilab qo‘yilgan talablarga rioya etmaslik holatlarini har qanday maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish dasturiy-texnik vositalari orqali qayd etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Shuningdek, shaharlar avtomobil yo‘llarida taʼmirlash yoki yo‘l chiziqlarini chizish bilan bog‘liq ishlarni soat 07.00 dan 21.00 ga qadar amalga oshirish (dam olish kunlari, shuningdek, kechiktirib bo‘lmaydigan alohida holatlar bundan mustasno) taqiqlanadi.

«Faol hayotga qadam» dasturi ishga tushiriladi

O‘zgalar parvarishiga muhtoj voyaga yetgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan «Faol hayotga qadam» dasturi joriy etiladi Dastur doirasida quyidagi 5 turdagi yangi ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatiladi:

  • uy sharoitida ijtimoiy-maishiy yordam ko‘rsatish xizmati;
  • uy sharoitida qarab turish xizmati;
  • tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya xizmati;
  • kunduzgi qatnov asosida qarab turish xizmati;
  • shaxsiy yordamchi xizmati.

Harbiy xizmatchilarga ipoteka kreditlari

Kalendar hisobida o‘n yildan ortiq harbiy xizmatni o‘tagan harbiy xizmatchilar uchun turar joy sotib olish (qurish) uchun ipoteka krediti olinishida dastlabki badal miqdori uy-joyning hisoblangan qiymatining 35 foizi miqdorida belgilanadi. Bu o‘zgarish qonunchilik hujjatlariga muvofiq tasdiqlanadigan ipoteka kreditlarini ajratish ko‘rsatkichlari asosida uy-joy bilan taʼminlanadigan harbiy xizmatchilarga tegishli (ilgari dastlabki badal barcha uchun 25 foizni tashkil etardi).

Yosh olimlarni qo‘llab-quvvatlash choralari

Nufuzli xalqaro reyting tashkilotlarining yuqori 100 talik ro‘yxatiga kiritilgan xorijiy oliy taʼlim muassasalarida ilmiy daraja (PhD va unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy daraja) olgan 35 yoshgacha bo‘lgan mutaxassislarga uy-joy sotib olish uchun uy-joy joylashgan hududdan kelib chiqib, o‘n yil muddatga bazaviy hisoblash miqdorining 2150 baravarigacha miqdorda foizsiz ssuda ajratiladi.

Nufuzli xalqaro fan olimpiadalari g‘olib va sovrindorlariga to‘lanadigan bir martalik pul mukofotining amaldagi miqdorlari 5 baravarga oshiriladi.

Qurilish talablari kuchaytirilmoqda

Bino-inshootlarni qurish hamda rekonstruksiya qilishni loyihalashtirishda ushbu obyektlarning loyiha hujjatlarida binolarning o‘z ehtiyojlari uchun energiya tejovchi uskunalar, muqobil issiqlik tizimlari (geliokollektorlar, issiqlik nasoslari va shu kabilar) hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini (quyosh panellari va shu kabilar) majburiy o‘rnatish talabi kiritiladi.

Maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilarini qo‘llab-quvvatlashning yangi choralari

Maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilari tomonidan mahsulotlarni ishlab chiqarish va eksportga realizatsiya qilish uchun foydalanadigan import xomashyo, material va butlovchi qismlarni bojxona to‘lovlarini (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlar bundan mustasno) to‘lamagan holda «tovarlarni bojxona hududida qayta ishlash» bojxona rejimiga joylashtirish orqali ularni bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling