Qo‘ng‘irot mintaqaviy temir yo‘l uzeliga qarashli To‘rtko‘l ‒ Ellikqal‘a stansiyalari oralig‘ida 6-oktyabr kuni soat 15:31 da avariya sodir bo‘ldi. Bu haqda "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ xabar berdi.
Taʼkidlanishicha, Qo‘ng‘irot ‒ Andijon yo‘nalishidagi yo‘lovchi poyezdi harakati davomida temir yo‘l kesishma signal belgilariga qaramasdan harakatlangan Kamaz yuk mashinasi bilan to‘qnashib ketgan.
Yuk mashinasi haydovchisi shifoxonaga jo‘natilgan. Yo‘lovchi poyezdida 216 ta yo‘lovchi bo‘lib, ularning sog‘ligiga zarar tushmagan.
Teplovoz poyezdni olib ketolmasligi sababli O‘zTE16M2 rusumli 025 sonli teplovoz soat 16:15 da voqea joyidan jo‘natildi.
Voqea joyiga tegishli rahbarlar va huquqni himoya qilish organlari xodimlari yetib borgan. Hozirda surishtiruv ishlari davom etmoqda.