Ayrim yoshlarning to‘lov-kontrakt summasi bir qismi qoplab beriladi

2026-yil 1-fevraldan Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalardagi yoshlarga imtiyozlar beriladi.

Prezidentning “Yoshlar daftari” jamg‘armalari orqali ijtimoiy yordam ko‘rsatish tizimini yana-da takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Farmonga ko‘ra, 2026-yil 1-fevraldan Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalardagi yoshlarga imtiyozlar beriladi.

Jumladan, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmatni bepul o‘tash tartibi joriy etiladi hamda ushbu maqsad uchun subsidiya ajratish tartibi bekor qilinadi.

“Yoshlar daftari” jamg‘armalari orqali avtomototransportlar haydovchilarini tayyorlash o‘quv kursi xarajatlarini qoplash bo‘yicha subsidiya haydovchilik guvohnomasining “A”, “B”, “D” va “DE” toifalarini olish uchun to‘lab beriladi.

Kasbiy va oliy taʼlim tashkilotlari o‘quvchi-talabalarining kontrakt summasi 50 foizgacha qismi tuzilgan ijtimoiy shartnoma shartlarini bajarish darajasidan kelib chiqib to‘lanadi. Bu 1 o‘quv yili uchun BHMning 50 baravaridan oshmasligi lozim.

Ayni bir shaxs 1 yil davomida turli ijtimoiy yordamlardan ko‘pi bilan 2 marta foydalanishi mumkin.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling