Prezident Shavkat Mirziyoyev Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston bilan ushbu nufuzli xalqaro moliyaviy institut o‘rtasidagi strategik hamkorlikni yana-da kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Davlat rahbari hamkorlik natijadorligini oshirish muhimligini taʼkidlab, uning asosiy ustuvor yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tdi.
Suv taʼminoti tizimini texnologik jihatdan modernizatsiya qilish, energiya samaradorligini oshirish dasturini ilgari surish, ipoteka bozorini, erkin iqtisodiy zonalar infratuzilmasini rivojlantirish, kichik va o‘rta biznes imkoniyatlarini kengaytirish, ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash kabi yo‘nalishlar shular jumlasidan.
Taʼlim va tibbiyot sohalarida davlat-xususiy sheriklik loyihalarini ilgari surish, sunʼiy intellektni joriy qilish va raqamli transformatsiyaga qaratilgan startaplarni qo‘llab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratildi.