Все новости Узбекистана и мира на сайте Repost.uz

“Fuqarolar uchun yangi boj meʼyori tovarlarni sunʼiy qimmatlashtirmoqda” – “Yuksalish” harakati

Tashkilot bojlar bozorni qimmatlashtirish va monopoliyani rivojlantirish vositasiga aylanmasligi kerakligini taʼkidlamoqda.

“Yuksalish” harakati bojlar bozorni qimmatlashtirish va monopoliyani rivojlantirish vositasiga aylanmasligi kerakligini taʼkidlamoqda

1-maydan O‘zbekistonga shaxsiy ehtiyoj uchun olib kiriladigan tovarlar bo‘yicha yangi bojsiz normalar kuchga kirgandi. Hukumat qaroriga ko‘ra, jismoniy shaxslar uchun limit quyidagicha belgilangan: havo transporti orqali — 1000 dollar, temir yo‘l va daryo transportida — 500 dollar, avtomobil va piyoda o‘tish punktlarida — 300 dollar, xalqaro kuryerlik jo‘natmalarida — 200 dollar, pochta orqali esa — 100 dollar.

“Yuksalish” harakatining maʼlum qilishicha, amalda bu me‘yorlar fuqarolarga qo‘shimcha moliyaviy xarajat yuklashdan tashqari, bozordagi raqobatga ham ta‘sir ko‘rsatmoqda.

"Boshqa tomondan, bojxona to‘lovlari monopoliya xavfini kuchaytirmoqda. O‘zbekistonda rasmiy distribyutori bo‘lmagan tovarlarni, tabiiyki, fuqarolar chetdan olib kelishga majbur. Ammo, 30 foizlik boj bu tovarlarni sun‘iy qimmatlashtirib, iste‘molchi tanlovining cheklanishi va yirik importchilarning mavqeyi mustahkamlanishiga sabab bo‘ladi", deyiladi izohda.

Taʼkidlanishicha, buning natijasida raqobat pasayishi, narxlar oshib, tovarlar sifati yomonlashishi va kichik hamda o‘rta tadbirkorlar uchun bozorga kirish imkoniyatlari cheklanishi mumkin. Oqibatda iste‘molchilar tanlov huquqidan mahrum bo‘ladi va sog‘lom bozor rivojlanishi to‘xtaydi.

Ushbu muammolarga yechim sifatida “Yuksalish” harakati takliflarini berdi. Jumladan:

  • jismoniy shaxslar tomonidan o‘z ehtiyojlari uchun tovarlarni O‘zbekistonga olib kirishda qo‘llaniladigan boj to‘lovlari, limitlar va stavkalar faqat qonun darajasida belgilanishi lozim;
  • tijorat maqsadidagi importni shaxsiy ehtiyoj uchun olib kiriladigan tovarlardan aniq ajratish mexanizmini ishlab chiqqan holda, normadan oshgan qismiga nisbatan 30% o‘rniga pastroq, mutanosib va progressiv stavkalarni qo‘llash;
  • bojxona tariflarini mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash ko‘rinishida monopoliyani shakllantirish vositasi emas, balki faqat haqiqiy kontrabandaga qarshi kurash hamda raqobatni rivojlantirish vositasi sifatida qo‘llash;
  • ichki bozorda yetarlicha raqobat shakllanmagan tovarlar uchun import shartlarini yengillashtirish;
  • ro‘yxatga olish jarayonini soddalashtirish va boj to‘lovi talab qilinmagan hollarda (masalan, 1-2 dona shaxsiy qurilma) UzIMEI orqali ro‘yxatga olishni bepul qilish.

"Xulosa o‘rnida, shaxsiy iste‘mol tovarlariga qo‘llanilayotgan yuqori boj to‘lovlari fuqarolarning mulkiy huquqlariga putur yetkazadi. Shunday ekan, boj siyosati iqtisodiy erkinlik va adolat tamoyillarini himoya qilgan holda kontrabandaga qarshi qaratilgan bo‘lishi maqsadga muvofiq", deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling