Foto: Repost.uz
Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari oʻrnatilgan maksimal tezlikning pasayishi yoʻldagi holatga (transportning oʻrtacha tezligi) va yoʻllardagi oʻlim darajasiga qanday taʼsir qilishini tahlil qildi.
Institut xalqaro miqyosda tahlil qilish maqsadida 140 ta mamlakatga oid maʼlumotlarni toʻplagan. Tadqiqot natijalariga asoslanib, tezlikni pasaytirish transportning oʻrtacha tezligiga sezilarli taʼsir koʻrsatmaydi va yoʻllardagi oʻlim darajasini qisqartiradi, degan xulosaga kelish mumkin.
Qayd etilishicha, shaharlarda eng yuqori tezlikni soatiga 10 kilometrga kamaytirish oʻlim darajasini yiliga 0,8 kishiga (har 100 ming kishiga) kamaytirishda yordam beradi. Oʻzbekiston uchun bu 614 nafar insonning hayotini saqlab qolish demakdir.
Eng yuqori tezlik oʻrtacha harakat tezligiga sezilarli taʼsir koʻrsatmaydi. Harakat tezligi va sayohat vaqtiga asosiy taʼsir etuvchi omil yoʻl infratuzilmasining sifati hisoblanadi. Qonun ustuvorligi (Rule of law) reytingining 1 ballga ortishi har yili yoʻllarda oʻlim darajasini 3,3 kishiga (har 100 ming kishiga) qisqartirishi mumkin.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) maʼlumotlariga koʻra, har yili yoʻl-transport hodisalari oqibatida 1,3 million kishi halok boʻladi va 20-50 million kishi jarohat oladi. Shu bilan birga, yoʻl-transport hodisalari tufayli jahon iqtisodiyotiga ham sezilarli zarar yetishini taʼkidlash lozim. “Yoʻl harakati xavfsizligiga investitsiya qilish: global xususiy sektor majburiyati” nomli tadqiqot natijalariga koʻra, baxtsiz hodisalar global iqtisodiyotga yiliga 518 milliard dollar zarar keltiradi.
“Biroq tezlikni cheklash faqat yoʻl harakati qoidalarini yaxshilash va tegishli infratuzilma mavjud boʻlsa, ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Bu xavfsizlikni taʼminlash va oʻrtacha tezlikni saqlashda muhim omil hisoblanadi”, deyiladi xabarda.
Bundan tashqari, past tezlikda sodir boʻlgan yoʻl-transport hodisalarida ogʻir jarohatlar ulushi kamayadi. Bu sogʻliqni saqlash xarajatlarini kamaytirish va halokatdan keyin odamlarning tezroq sogʻayishiga imkon yaratadi. Iqtisodiy nuqtai nazardan, yoʻl-transport hodisasi oqibatida yuzaga keladigan jarohatlar natijasidagi zarar past daromadli mamlakatlarda yalpi milliy mahsulotning taxminan 1 foiziga, oʻrta daromadli mamlakatlarda 1,5 foiziga va yuqori daromadli mamlakatlarda 2 foiziga teng deb hisoblanadi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling