Toshkent viloyatidagi issiqxonalarda qariyb 2 mlrd soʻmlik gazdan noqonuniy foydalanildi

Holatlar boʻyicha barcha hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi

Toshkent viloyatining Zangiota tumanida gazdan noqonuniy foydalangan issiqxona aniqlandi.

Maʼlum qilinishicha, “Istiqlol” MFYda istiqomat qiluvchi fuqaro K.B. oʻz xonadonida issiqxona tashkil qilib, tabiiy gaz tarmogʻiga hisoblagichdan oldin oʻzboshimchalik bilan ulangan. U 4 dona nostandart yondirgich orqali tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelgan. 

Holat boʻyicha dalolatnoma tuzilib, tabiiy gaz hajmlari qayta hisob-kitob qilindi va 1 mlrd 684 mln soʻmlik zarar hisoblandi.

Qibray tumanining “Obod” MFYda istiqomat qiluvchi fuqaro T.R. xonadonida issiqxona tashkil qilib, hisoblagichdan tashqari tabiiy gaz quvuriga oʻzboshimchalik bilan ulanib, gazdan noqonuniy foydalanib kelgan. 

Noqonuniy sarflangan tabiiy gaz hajmi qayta hisob-kitob qilindi va 291 mln 926 ming soʻmlik zarar aniqlandi.

Holatlar boʻyicha barcha hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling