Foto: Tez News
Oʻzbekiston hududiga anomal sovuq ob-havo kirib kelishi munosabati bilan barcha boʻgʻindagi taʼlim muassasalarida qishki taʼtil muddati 17-yanvarga qadar uzaytirilgan edi. Shuningdek, oʻquv mashgʻulotlari 18-yanvar, chorshanba kunidan boshlanishi haqida xabar berilgan edi.
Oʻzbekistonga bugun, 9-yanvar kuni bir hafta davom etadigan anomal sovuq kirib kelishi ortidan deyarli barcha hududlarda kuchli qor yogʻishni boshladi.
Ijtimoiy tarmoqlarda respublika hududiga anomal sovuq kirib kelayotganiga qaramay, mamlakatdagi barcha taʻlim muassasalarida bosqichma-bosqich oʻquv jarayonlari boshlanishi haqida xabarlar tarqala boshladi.
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmati 11-yanvardan boshlab oliy taʼlim hamda professional taʼlim muassasalari va akademik litseylarda bosqichma-bosqich dars mashgʻulotlari boshlanishini maʻlum qildi.
Mazkur vaziyat jamoatchilik orasida koʻplab muhokamalarga sabab boʻlmoqda.
Jumaladan, “Alimoff” Telegram kanalining asoschisi ertadan Toshkentda oʻqish boshlanmaslik kerakligini qayd etmoqda.
“Oliy taʼlim muassasalarida, professional taʼlim muassasalarida va akademik litseylarda ham 11-yanvardan oʻqish bosqichma-bosqich boshlanadi deyishyapti rasmiylar.
Xozir koʻchani aylanib keldim piyoda.
Qor daxshat, 5 km trotuarda piyoda yurdim. Masjidni yoni qordan tozalangan xolos shu 5 kmda. Shu masjidga kelgan yigitlar tozalashyapti baraka topishsin. Qolgan yerlar bardak, ertalab bir kishi yurgan va soʻqmoq boʻlib qolgan, hamma shu bir kishilik soʻqmoqda yuribdi. Bilmadim, bugungi qor yoqqan kuni ertadan oʻqish deb eʼlon qilish juda gʻalati.
Asfalt yoʻllar ham qor, mashinalar konkida uchib yuribdi. Qishki rezina bilan ham mashinada yurmaslikka qaror qildim.
Melisalar ham ovoz kuchaytirgichda uyda oʻtiring deb yurishibdi.
Daraxtlar qordan sinib ketyapti. Videoda Obodonlashtirish xodimlari bilan soy koʻprigiga tiqilib qolgan daraxtni soydan chiqaryapmiz.
Xullas vaziyat chatoq, Toshkentda ertadan oʻqish boshlamaslik kerak deb oʻylayman”, — deb yozadi u.
“Xushnudbek.uz” Telegram kanalining muallifi esa otaʻlim oʻyinchoq boʻlib ketgani haqida yozmoqda.
“Toʻgʻrisi, taʼlim ham oʻyinchoq boʻlib ketdi. Bir qarasang falon narsa boʻladi deyishadi, bir qarasang yana uni bekor qilishadi. Na uyoqli, na buyoqli. Tovba. Shuni boshidan puxta oʻylab, oʻrganib, keyin qaror qilishsa boʻlmasmidi?
Huquqiy tomondan qarasak, taʼtil muddatini uzaytirish haqidagi qarorni Bosh vazir qabul qilgan edi. Ayrim hududlarda (shuningdek, Andijonda ham deyishmoqda) taʼtilni muddatidan avval tugatishga Bosh vazir yana ruxsat beribdimi? Yoki hokimlar Hukumat qaroriga qarama-qarshi taʼtilni tugatish toʻgʻrisida oʻzlari qaror chiqaryaptimi? Qachondan buyon oʻzi hokimlar taʼtil muddatini uzaytirish yoki qisqartirishga aralashadigan boʻlib qoldi? “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonunning 27-moddasida hokimlarga bunaqa vakolat berilmagan.
Xullas, hammayoq ”kasha“. Oʻrtada taʼlim — talabalar va oʻquvchilar sarson”, — deb yozgan u.
Shuningdek, “Safar” Telegram kanalining muallifi ham mazkur vaziyat yuzasidan oʻz fikrlarini bildirgan.
“Dunyoni toʻxtatinglar, tushib qolaman
Taʼlim muassasalarida taʼtil uzaytirilganidan oradan oz emas, koʻp emas, atigi 5 kun oʻtdi. Qarabsizki, yana oʻqishlar tiklanarmish. KabMin hokimliklarga tavsiya qilibdi. Hokimliklar esa “hammasini yest qilamiz, bizda hamma joy issiq”, deb boshlavoradi shekilli.
Shu kunga qadar anomal sovuq OʻzNet uchun infopovod edi, sovuq kirib kelgach kun davomida bu kabi xabarlar aylandi. Oxirida rasman aytildi. Farzandi oddiy universitetlarda oʻqimaydiganlar qaror chiqarganmi, deysan bu holatni koʻrib. Oʻylab, oʻyingga yetolmaysan”, — deydi u.
“Bakiroo” Telegram kanali asoschisi esa ushbu holat boʻyicha quyidagi fikrlarni qayd etgan:
“Rejalashtirish gorizonti tushgacha va buyam aniqmas, kechga yana kayfiyatga qaraymiz” qoidalari bilan yashayetgan Oʻzbekiston.
“2023-yil 11-yanvardan boshlab universitetlar, texnikum, kollej va akademik litseylarda bosqichma-bosqich dars mashgʻulotlari boshlanadi”.
Menimcha, biz “Adminreforma”ning birinchi mevasini yedik”.
Shu bilan birga “Allayev Uz” Telegram kanali asoschisi ham bu vaziyatga oʻz fikrini bildirgan.
“Dastlab anomal sovuq uchun oʻqishlarda taʼtil 18-yanvargacha choʻzildi. Toshkentda viloyatdan qaytgan talabalar yotoqxonalarga qoʻyilmadi. Endi 11-yanvardan oliy taʼlim muassasalarida, kollej va texnikumlarda oʻqishni boshlashga qaror qilishibdi.
Toshkentga oldindan qaytishni rejalashtirgan talabalar katta qismi 18-yanvarga moslab biletlarni alishtirdi. Endi erta oʻqishga qaytish kerak. Yoʻllar boʻlsa oʻta xavfli holatda. Katta yoʻlda mashinalar 20-30 km tezlikda harakatlanayotgani aytilmoqda. Xudo koʻrsatmasin, qaytayotgan biror talaba bilan biror baxtsiz hodisa boʻlsa, qaror berganlar bitta uzr bilan qutuladimi? Yoki taʼziya bildirib video murojaat qilib boshqa ishga oʻtib ketadimi?
Oliy taʼlim bilan qilinayotgan ishlar davlat menejmenti qanday boʻlmasligi kerakligiga yaqqol misol boʻladi. Bemalol, davlat boshqaruvi boʻyicha darsliklarga kiritsa boʻladi”, — deb yozadi u.
Shu bilan birga Jamoatchilikning yana bir faoli Zafarbek Solijonov ham ushbu vaziyatni tanqid qilgan.
Ertadan taʼlim muassasalarida oʻqish boshlanadi deb eʼlon qilindi. Hokimlar va ayrim vazirlar miyasiz boʻlishi mumkin. Buning ehtimollik darajasi ham yuqori boʻlishi kerak. Balki keyinroq bu haqda tadqiqotlar ham oʻtkazilar. Ularning qoʻl ostidagilarga esa tinchlik kerak.
Lekin tepada birorta aqlli inson qolganmikin, nega kutilmaganda ushbu qarorga kelindi, tushuntirib beradigan. Vahima, havotirlarimizga amalimiz tushmay qolmayaptimi?
Yurist va bloger Bahodir Ahmedov ushbu xabarlarga quyidagicha fikr bildirgan:
“Maʼlumot uchun bugun 10-yanvar, ushbu rasmiy topshiriqqa eʼtibor berilsa, ertadan oʻqish boshlanadi. Viloyatdan keluvchi talabalarga kelmay qoʻyaveringlar deb qoʻyib bir kun oldin oʻqish boʻlishi eʼlon qilinmoqda. Qaysi aqllidan chiqdi bu bayonot?”.
Jamoatchilikning yana bir faoli “Muhrim” kanalining muallifi oʻzining Telegram kanalida: “Oʻzbekiston, uning xalqi, mustaqilligi, kelajagi uchun eng katta va jiddiy xavf anomal sovuq yo issiq emas, balki hech kim va hech narsadan qoʻrqmaydigan anomal oʻzbek chinovniklari hamda ular qabul qiladigan anomal qarorlardir”, — deya post qoldirgan.
Shuningdek, “Davletovuz” kanali muallifi: Bir zumda odamlarning nafratiga yoʻliqish boʻyicha bizning amaldorga yetadigani yoʻq. Dushman kerak emas", — deya mazkur vaziyatni tanqid qilgan.
Foto: Twitter
Foto: Twitter
Foto: Twitter
Foto: Twitter
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling