Все новости Узбекистана и мира на сайте Repost.uz

Toshkent viloyatidagi bog‘chalarda bolalar zaharlangani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Taʼkidlanishicha, hozirda tibbiy yordam ko‘rsatilgan bolalar orasida og‘ir va o‘ta og‘ir darajada kasallanganlar mavjud emas.

Avvalroq Toshkent viloyatidagi bir nechta bog‘chalarda bolalar zaharlangani haqida xabar berilgandi.

Bosh prokuratura matbuot xizmati holat bo‘yicha izoh berdi

Taʼkidlanishicha, holat yuzasidan Toshkent viloyati IIBB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan bir nechta autsorsing xizmatini ko‘rsatuvchi xususiy korxonalar masʼul shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tergov ishi sinchkovlik bilan, to‘la va sifatli o‘tkazilishini taʼminlash maqsadida jinoyat ishi Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olindi hamda Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari rahbarligida maxsus ishchi guruh tuzildi.

Tergov davomida ushbu autsorsing korxonalar tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilgan barcha maktabgacha taʼlim muassasalaridagi tarbiyalanuvchilar to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi, tashxis-davolash ishlari tashkil etildi.

Hozirda, tibbiy yordam ko‘rsatilgan bolalar orasida og‘ir va o‘ta og‘ir darajada kasallanganlar mavjud emas, vaziyat shifokorlarning to‘liq nazoratida.

Shuningdek, yuqoridagi kabi holatlar takrorlanishini oldini olish maqsadida prokuratura organlari tomonidan barcha davlat maktabgacha taʼlim muassasalariga autsorsing shartnomasi asosida oziq-ovqat mahsulotlari yetkazilib berilishi ahvoli yuzasidan o‘rganish ishlari tashkil etildi.

Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda, uning yakuni bo‘yicha OAV orqali jamoatchilikka qo‘shimcha axborot taqdim etiladi.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling