Foto: Open source
Braziliya sobiq prezidenti Jair Bolsonaruning yuzlab tarafdorlari mamlakat Milliy Kongressiga bostirib kirgani haqida xabar berilgandi.
Braziliya prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva 8-yanvar, yakshanba kuni boshlangan tartibsizliklar sababli mamlakat poytaxti Braziliada yanvar oyi oxirigacha favqulodda holat eʼlon qildi, deya xabar bermoqda mamlakatning "Globo" telekanali.
Sobiq prezident Jair Bolsonaroning minglab tarafdorlari oktyabr oyidagi prezidentlik saylovlari natijalariga qarshi chiqdi. Sariq-yashil kiyimdagi Braziliya bayroqlari bilan shahar markaziga kirib kelgan namoyishchilar Milliy Kongress (Parlament), Federal Oliy sud binolari va davlat rahbarining ishchi qarorgohi boʻlgan Planalto saroyiga bostirib kirib, uning oynalarini sindirdi.
Ishlamaydigan kunlarda boʻsh turgan maʼmuriy binolar qoʻriqchilari qoidabuzarlarga qarshi tura olmadi. Keyinroq politsiya koʻzdan yosh oqizuvchi gaz ishlatib, ularni ortga qaytarib yubordi. Turli maʼlumotlarga koʻra, voqeada 3 mingga yaqin odam ishtirok etgan, 400 nafargacha odam hibsga olingan.
Davlat rahbari ishtirokchilar qonun doirasida toʻliq jazolanishini aytdi. Lula da Silva ularning harakatlarini “varvarlik” deb atadi. “Bu odamlarni namuna boʻlishi uchun jazolash kerak, shunda hech kim hech qachon orqasida davlat bayrogʻi yoki Braziliya terma jamoasi libosida bugungi kunda qilgan ishni qilishga jurʼat eta olmaydi”, — dedi u.
Prezident yakshanba kuni San-Pauluda edi. Tartibsizliklar munosabati bilan u Braziliaga uchib ketdi. Oliy sud sudyasi Aleksandr de Moraes Brazilia gubernatori Ibanyes Roshani 90 kunga lavozimidan chetlashtirish toʻgʻrisida qaror chiqardi, deya xabar bermoqda SNN Brazil. Rosha oʻz blogida prezident va kongressmenlardan uzr soʻradi.
Namoyishchilarning xatti-harakatlari hozir AQSHda boʻlib turgan Jair Bolsonaro tomonidan ham tanqid qilindi. Uning taʼkidlashicha, oʻz tarafdorlarining harakati demokratiya doirasidan tashqarida.
“Huquqiy shakldagi tinch namoyishlar demokratiyaning bir qismidir. Biroq bugungi kunda sodir boʻlgan, shuningdek, 2013 va 2017-yillarda soʻlchilar tomonidan amalga oshirilgan jamoat binolarini talon-toroj qilish va tortib olish bu qoidaga kirmaydi”, — deb yozdi u Twitterʻda. Lotin Amerikasi va Karib havzasi hamjamiyati Braziliya prezidenti va hukumatini qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling