Foto: Andijon IIB matbuot xizmati
Ijtimoiy tarmoqlarda Andijonda “Zapravka reketlari” sarlavhasi ostida nomaʼlum shaxslar “gaz zapravka”ga kelgan haydovchilardan pul olayotgani aks etgan videolar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan viloyat IIB matbuot xizmati munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, holat boʻyicha Andijon viloyati, Oltinkoʻl tumani IIB xodimlari tomonidan tezkor surishtiruv harakatlari olib borilgan.
Tekshiruvlar davomida “SIFATLI METAN GAZ” MCHJ avtomobillarga gaz quyish shoxobchasiga navbatsiz kiritayotgan 2 nafar shaxslar shu tumanda yashovchi fuqarolar ekanligi aniqlangan.
Ushbu fuqarolarga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 183 ( Mayda bezorilik), 194-modda (Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik ) 1-qismi hamda 200-moddalariga (Oʻzboshimchalik ) asosan hujjatlar rasmiylashtirilib, qonuniy tartibda koʻrib chiqishlik uchun Jinoyat ishlari boʻyicha Oltinkoʻl tuman sudiga yuborilgan.
Xabarga koʻra, 12-dekabr kuni Jinoyat ishlari boʻyicha Oltinkoʻl tuman sudi tomonidan mazkur shaxslarga nisbatan toʻplangan maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish koʻrib chiqilib, ularga nisbatan 15 sutkadan maʼmuriy qamoq jazosi tayinlangan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling