Foto: Fergana agency
Gulnora Karimovaga tegishli bo'lgan "Sijjak" oromgohi yana sotuvga qo'yildi, sotuv jarayoni ikki bosqichdan iborat — avval ariza beruvchilar tanlanadi, so‘ngra tijorat takliflari baholanadi.
Ma'lum qilinishicha, sotib olmoqchi bo‘lgan xaridorlar dam olish zonasini rivojlantirish bo‘yicha biznes konsepsiyasini taqdim etishlari kerak.
Oromgoh Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lgan. 2017-yilda Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudi ajrimi bilan musodara etilgan.
Keyinchalik musodara qilingan ushbu qarorgoh ichidagi barcha jihozlari bilan O‘zbekiston Triatlon federatsiyasiga vaqtinchalik foydalanishga berilgan.
Shundan keyin, ushbu dam olish maskanini ommaviy savdolar orqali sotuvga qo‘yilgan.
2021-yilda dam olish maskani bir necha bor sotuvga qo‘yilgan edi, biroq xaridor topilmagan. 2022-yil bahorida ham oromgoh auksioni bo‘lib o‘tgan, biroq obyekt yana sotilmagan.
Ayni paytda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tasarrufidagi mazkur majmuaning umumiy yer maydoni 5,38 gektarni tashkil etadi. Bino va inshootlari esa 4 040 kvadrat metrdir.
Oromgohda mehmonxona, bir nechta hovuz, amfiteatr, kottej va boshqa inshootlar mavjud.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling