Toshkent viloyatida ikki nafar qizni fohishalik qilish uchun xorijga yubormoqchi bo'lgan shaxs ushlandi

Bu shaxsning shar’iy nikohdagi xotini hozirda Hindistonda bo‘lib, qizlarni kutib olishi va ularga fohishalik qilishi uchun sharoit yaratishi rejalashtirilgan

Foto: Telegram<br>

Foto: Telegram

Toshkent viloyatida qizlarni Hindistonga fohishalikka yubormoqchi boʻlgan shaxs qoʻlga olindi. Bu haqda viloyat ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, 13-dekabr kuni viloyat IIBB uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash boʻlimi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda Yuqori Chirchiq tumanida yashovchi 44 yoshli shaxs namanganlik 19 va 27 yoshli opa-singilni aldab, ishonchiga kirib, ularni moʻmay daromad topishga ishontirgan.

Toshkent—Hindiston aviayoʻnalishi orqali fohishalik bilan shugʻullanishlari uchun yubormoqchi boʻlgan vaqtida Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportda qoʻlga olingan.

Aniqlanishicha, ushlangan shaxsning sharʼiy nikohdagi xotini hozirgi kunda Hindistonda boʻlib, qizlarni kutib olishi va ularga fohishalik qilishlari uchun sharoit yaratishi rejalashtirilgan. Hatto qizlarning Hindistonga borish va viza xarajatlarini oʻzlari toʻlab bergan.

Hozirda holat yuzasidan ushlangan shaxs va uning xotiniga nisbatan Qibray tumani ichki ishlar boʻlimi tergov boʻlinmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 135-moddasi (odam savdosi) 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Shuningdek, jinoyatga aloqador boʻlgan, muqaddam Parkent tumanida yashagan, bugungi kunda Hindistonda boʻlib turgan 32 yoshli ayolni ushlash (ekstraditsiya qilish) choralari koʻrilmoqda.

Maʼlumot oʻrnida, viloyat ichki ishlar bosh boshqarmasi tezkor xodimlari tomonidan 2022-yilning oʻtgan davri mobaynida 8 ta holatda 15 nafar shaxs qoʻlga olingan. Tadbirlar natijasida 12 nafar shaxsning, jumladan, 9 nafar ayolning odam savdosi qurboni boʻlishining oldi olingan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling