Foto: So‘g‘d viloyati axborot xizmati
Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev hamda Tojikiston Milliy xavfsizlik xizmati raisi Saymo‘min Yatimov o‘rtasida navbatdagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv Tojikistonning So‘g‘d viloyatida o‘tkazilgan.
Tomonlar uch punktdan iborat protokol imzolashgan. Unga ko‘ra quyidagi uch punkt bo‘yicha kelishuvga kelingan:
– qo‘shinlarni chegara yaqinidan doimiy dislokatsiya manzillariga olib ketish;
– chegaraning ikki tomonida faqat chegara qo‘shinlarini qoldirish;
– chegara masalalarini muhokama qilishda davom etib, chegaradagi vaziyatni normallashtirish.
So‘g‘d viloyati hokimligi axborot xizmati ikki xavfsizlik xizmati rahbarlarining qo‘shma bayonoti keltirilgan video ham e’lon qilingan.
«Biz bu borada bir-birimizni tushunib, bir to‘xtamga keldik. Protokol imzoladik, chegaralarimizda rostakamiga tinchlik bo‘lishiga ishondik. Barcha yo‘nalishlarda harakatlarimizni avvalo do‘st xalqlarimiz manfaatlaridan kelib chiqqan holda amalga oshiramiz», — degan Tojikiston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Yatimov.
«Umid qilaman, bugun imzolagan protokolimiz chinakam tinchlik bo‘lishini ta’minlaydi. Tinchlik har narsadan yaxshi, biz doim tinchlik bo‘lishi uchun harakat qilamiz», — dedi Qamchibek Tashiyev.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling