Foto: Tez News
Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini oshirish va hududlarni energiya bilan taʼminlashni yaxshilash masalalariga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, 2022-yilda Kitob, Koson, Mirzaobod, Narpay, Nishon, Furqat viloyatlarida doimiy ish oʻrinlari qisqargan. 15 tumanda mahsulot ishlab chiqarish hajmi kamaygan. 100 ming gektar yerning 4 ming gektariga hech narsa ekilmagan.
Shundan kelib chiqib, davlat rahbari hokimlarga qator topshiriqlar berildi:
- Birinchi yoʻnalish – paxta va gʻalladan boʻshagan 100 ming gektarni aholiga boʻlib berish. Bu orqali 600 ming aholini doimiy ish va 900 ming kishini mavsumiy daromad bilan taʼminlash mumkin.
- Ikkinchi yoʻnalish – tadbirkorlikni rivojlantirish. Buning uchun ishsizlik koʻp boʻlgan mingta mahalla uchun mikro-markazlar tashkil etiladi. Hududlardagi 255 ta markaziy va 274 ta mahallalararo koʻchalar savdo-xizmat koʻchalariga aylantiriladi.
- Uchinchi yoʻnalishda sanoat sohasidagi imkoniyatlar koʻrsatib oʻtilgan. Xususan, 8 milliard dollarlik 300 ta yirik loyiha, sanoat zonalarida 16 trillion soʻmlik 1 ming 300 ta loyiha natijasida yuqori daromadli ish oʻrinlari paydo boʻladi. Investitsiya loyihalari va mahalliy sanoatda jami 320 ming doimiy ish oʻrni yaratish mumkinligi taʼkidlangan.
- Toʻrtinchi yoʻnalish – qurilish sohasi. Kelgusi yili barcha loyihalar doirasida 90 ming xonadonli uy-joylar barpo etilishi moʻljallangan. Shuningdek, prezident mehnat shartnomalarini soddalashtirish zarurligini taʼkidlagan. Bu norasmiy sektordagi ishchilarning qonuniy faoliyatga oʻtishiga yoʻl ochadi.