Foto: EADaily
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyning maʼlum qilishicha, hozirda mamlakat aholisining oʻn milliondan ortigʻi elektr-energiyasi taʼminotisiz qolgan.
Qayd etilishicha, Rossiya Ukrainaning eng muhim infratuzilma obyektlariga ommaviy zarbalar berishda davom etmoqda. Mazkur zarbalar mamlakat energetika tizimiga katta zarar yetkazmoqda. Jumladan 15-noyabr kunida yuz bergan portlashlar oqibatida aholining deyarli uchdan bir qismi elektrsiz qolgan.
“Ukrainaga navbatdagi raketa hujumi oqibatlarini bartaraf etish kun boʻyi davom etmoqda. Rejaga qoʻshimcha ravishda yana favqulodda elektr uzilishlari yuz berdi. Ayni paytda oʻn milliondan ortiq ukrainaliklar elektr energiyasiz qolmoqda”, – deydi Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy.
Shuningdek, Ukrainaning DTEK energetika kompaniyasi bosh ijrochi direktori Dmitriy Saxaruk Ukrainadagi isteʼmolchilarning taxminan 40 foizi elektr energiyasiz qolayotganini maʼlum qildi. Uning qoʻshimcha qilishicha, energetika tizimiga jiddiy shikast yetkazilgani uchun elektr taʼminotidagi uzilishlar uzoqroq va jadvalsiz davom etmoqda.
Xabarga koʻra, Xarkov, Jitomir, Lvov va Kiyev viloyatlaridagi vaziyat boshqa viloyatlarga qaraganda ogʻirroq. Qator shaharlarda turar-joy binolari issiqlik taʼminotlaridan uzilib qolgan.
Avvalroq elektr tizimidagi muammolar tufayli “Ukrenergo” elektr taʼminotida rejali va favqulodda uzilishlar joriy qilgani haqida xabar bergan edi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling