Foto: Repost.uz
Sirdaryoda 15 yoshli sakkizinchi sinf oʻquvchisi onlayn oʻyinda akkaunt sotib olish uchun otasining 1 mln soʻmga yaqin pulini sarflab yubordi. Bu haqda IIV Kiberxavfsizlik markazi xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, uning ota-onasi IIB ga murojaat qilgan. Unga koʻra, ularning farzandi “PUBG” onlayn oʻyini akkauntini sotib olish uchun bank kartalaridan Telegram messenjerida tanishgan nomaʼlum shaxsga 1 million soʻmga yaqin pulni oʻtkazib bergan. Pulni qoʻlga kiritgan shaxs esa akkauntni bermagan va yozishmalarni oʻchirib tashlagan.
Tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida firibgarlik yoʻli bilan pullarni oʻzlashtirgan shaxslar Andijon viloyatining Andijon shahrida yashovchi ikki nafar 16 yoshli shaxslar ekanligi aniqlangan.
Tekshiruvlar davomida, ushbu shaxslar huddi shu kabi yana bir nechta voyaga yetmaganlarga oʻyin akkauntini sotishni taklif qilib, oʻtkazib berilgan pullarni oʻz ehtiyojlariga ishlatib yuborishgani maʼlum boʻlgan.
Mazkur holat yuzasidan ushbu ikki nafar shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 3-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling