Foto: Lenta.ru
“Oʻzbekneftgaz”ga qarashli barcha AYQSHlarda 13-dekabr soat 00:00 dan boshlab Ai-80 benzini narxi bir litri uchun 5700 soʻmdan sotilishni boshlaydi. Bu haqda Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev xabar bermoqda.
“Barchaga rahmat! Bu haydovchilar uchun yengillik beradi, deb umid qilamiz”, — deyiladi deputat xabarida.
Qayd etilishicha, prezidentning “Ai-80 rusumli avtobenzin mahsulotini aksiz soligʻidan ozod qilish boʻyicha” qarori qabul qilingan. Qarorda quyidagilar nazarda tutilmoqda:
2022-yil 10-dekabrdan 2023-yil 1-martga qadar import qilinadigan, mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqariladigan va tadbirkorlik subyektlari tomonidan yakuniy isteʼmolchilarga sotiladigan Ai-80 rusumli avtobenzin mahsuloti uchun, istisno tariqasida, aksiz soligʻini “nol” stavkada qoʻllash.
Natijada Ai-80 rusumli avtobenzin mahsulotining chakana narxi amaldagi narxlarga nisbatan oʻrtacha 8,7 foizga kamayishi prognoz qilinmoqda.
Maʼlum qilinishicha, aksiz soligʻining vaqtincha qoʻllanmasligi natijasida aholi va tadbirkorlar ixtiyorida 213,7 mlrd soʻm mablagʻ qoladi. 2022-yil 10-dekabrdan 2023-yil 1-aprelga qadar “Oʻzneftgazinspeksiya” va “Oʻzenergoinspeksiya” tomonidan, istisno tariqasida, biznes ombudsman bilan kelishilmasdan tadbirkorlik subyektlarini ularning moliyaviy-iqtisodiy faoliyatiga aralashmagan holda energiya resurslaridan noqonuniy va samarasiz foydalanish holatlarini tekshirishga ruxsat berilmoqda.
Neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi va Elektr energetikada nazorat inspeksiyasi oʻtkaziladigan tekshiruvlar natijalari boʻyicha avtobenzin mahsulotlarining ortiqcha yoʻqotishlariga va talon-torojliklarga yoʻl qoʻygan mansabdor shaxslarga nisbatan qonunchilik hujjatlarida belgilangan jazo choralarini qoʻllash, shuningdek, ularning faoliyatiga huquqiy baho berish yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdimnomalar kiritib boriladi.
“Taʼkidlash joizki, ushbu qarorning qabul qilinishi, kuz-qish mavsumida isteʼmolchilarning avtobenzin mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojini oʻz vaqtida taʼminlash, ularning narxlarini barqarorlashtirish hamda aholining ortiqcha sarf-xarajatlarini qisqartirishga olib keladi”, — deb yozadi deputat.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling