O'zbekistonlik 2 mln 346 ming migrant chet elda ishlayotgani ma'lum qilindi

Ularning 90 foizi Rossiyada ishlaydi

Foto: Repost.uz

Foto: Repost.uz

Bugungi kunda 2 mln 346 ming nafar migrant chet elda ishlamoqda. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi rahbariyati va xodimlari ishtirokida oʻtkazilgan matbuot anjumanida maʼlum qilindi.

Uning taʼkidlashicha, bu raqamlar barcha manbalar hisobida tahlil qilingan hamda eʼlon qilingandan soʻng ham 400 ming nafarga yaqin migrant Oʻzbekistonga qaytib kelgan.

Xorijdagi fuqarolarning (deyarli 90 foizi) 1,5 mln nafari hozir Rossiyada mehnat migratsiyasini oʻtayapti. Ularning deyarli 200 ming nafari norasmiy ishlamoqda. Koreya Respublikasida 64 ming Oʻzbekiston fuqarosi ishlayotgan boʻlsa, undan 13 ming nafari norasmiy faoliyat koʻrsatyapti.

“Boshqa koʻp davlatlarga ketgan fuqarolarimiz tashkiliy tartibda ketgan boʻlmasa ham, ishlash jarayonida hujjatlarni rasmiylashtirib, patent ruxsatnomalarini olganlar koʻpchilikni tashkil qiladi, — deya taʼkidladi agentlik boshqarma boshligʻi Azim Ahmatov.

Uning soʻzlariga koʻra, migratsiyada ishtirok etayotgan fuqarolar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni toʻlaqonli tahlillardan oʻtkazmasdan ommaviy eʼlon qilish maqsadga muvofiq emas. Sababi jahon tajribasi hamda xalqaro tashkilotlar tavsiyasida ham mehnat migrantlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar faqat 3 ta manbaga asoslanadi.

Bular soʻrovnomalar oʻtkazish, maʼmuriy manbalar orqali (masalan, ularning hududlardan chiqishi va kirishi hisobga olinadi) va turli ilmiy tahlillar va aholi oʻrtasida oʻtkazilgan roʻyxatga olish jarayonida shakllantirilgan maʼlumotlar asosida. Shuning uchun bu maʼlumotlarni har kuni yangilab borish imkoniyati chegaralangan.

«Shuning uchun, hozirda oʻrtacha 2 mln nafardan ortiq fuqaro chet elda mehnat migratsiyasini oʻtayapti, deb ayta olamiz”, — dedi u.

Shuningdek, keyingi yillarda olib borilgan islohotlar natijasida ishlash uchun rasmiy yoʻllar bilan xorijga ketayotganlar soni oshdi.

“Masalan, ilgari 0,15% fuqarolar rasmiy yoʻl bilan ishga ketardi. Bugungi kunda bu koʻrsatkich mavsumiy xarakterga ega boʻlib, mehnat migratsiyasi jarayoni koʻpaygan paytda 8 foizga, soni cheklanganda 9 foizga chiqyapti. Yaʼni tashkiliy ishga yuborilgan fuqarolar koʻrsatkichi bugungi kunda 8−9 foizni tashkil qiladi”, — dedi Azim Ahmatov.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling