Videodan lavha
Andijon viloyatida Damas avtomobilini toʻxtatib, uning ichida boʻlgan 47 ming dollarni olib qochgani aytilayotgan shaxslar qoʻlga olindi. Bu haqda “Hudud” informatsion dasturida maʼlum qilindi.
Qayd etilishicha, Marhamat tumanida tugʻilgan fuqaro katta miqdordagi pullarni “Doʻstlik” chegara posti orqali Qirgʻizistonga olib oʻtmoqchi boʻlgan. Bundan xabar topgan 28 yoshli shaxs jinoiy reja tuzgan va uch kishini oʻziga sherik qilib olgan.
Ular 24-sentyabr kuni 17:30 larda davlat raqamlari olib qoʻyilgan Sparkʻda Xoʻjaobod tumani “Manak” MFYda harakatlanib ketayotgan jabrlanuvchining Damasʻini toʻxtatgan. Gumonlanuvchilar mashina ichida boʻlgan 12 ming dollar, shuningdek, ikkala old oʻrindiqlari orasida joylashgan 35 ming dollarni qoʻlga kiritib, voqea joyidan qochib ketgan.
Tuman IIB tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruvlari davomida gumonlanuvchilarning shaxsiga aniqlik kiritilgan. Ularning bir nafari toshkentlik, ikki nafari fargʻonalik va yana bir nafari andijonlik fuqarolardir. Gumonlanuvchilarga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling