Finlandiya O'zbekistonda qonun ustuvorligini rivojlantirish uchun 1,5 million yevro ajratadi

Loyiha bepul yuridik yordamni kengaytirish orqali ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarning odil sudlovdan foydalanish imkoniyatlarini oshirishga qaratilgan

Finlandiya O‘zbekistonda qonun ustuvorligini ta’minlash loyihasini amalga oshirish uchun 1,5 million yevro ajratdi. Bu haqda "Dunyo" axborot agentligi xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, loyiha Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) ofisi bilan birgalikda amalga oshiriladi va uch yilga mo'ljallangan. Loyihaning asosiy maqsadi — bepul yuridik yordam ko‘rsatishni kengaytirish orqali ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar uchun odil sudlovdan foydalanish imkoniyatlarini oshirishdir.

Bundan tashqari, loyiha Ombudsman institutining aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari huquqlarini ilgari surish va himoya qilish bo‘yicha markaziy va mintaqaviy salohiyatini kuchaytirish, shuningdek, fuqarolik jamiyatining odil sudlovga erishish va inson huquqlariga hurmatni ta’minlash salohiyatini kuchaytirishga qaratilgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling