O'zbekistonda internetdan foydalanuvchilar soni 31 mlndan oshdi

Mobil internet foydalanuvchilari soni 29,5 millionni tashkil etadi.

Foto: Tez News<br>

Foto: Tez News

Oʻzbekiston aholisining orasida internet xizmatlaridan foydalanuvchilarning soni 31 mlndan oshdi. Bu haqda 14-dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida boʻlib oʻtgan navbatdagi “Hukumat soati”da maʼlum qilindi.

Qayd etilishicha, yigʻilish davomida deputatlar “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini bilan belgilangan vazifalarning ijrosini taʼminlash borasida olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi masalani muhokama qilgan.

Maʼlum qilinishicha, yigʻilishda axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov kun tartibidagi masalalar yuzasidan berilgan savollarga javob bergan.

Vazirning qayd etishicha, xalqaro va shaharlararo telekommunikatsiya tarmogʻini rivojlantirish maqsadida Xalqaro Internet tarmogʻiga ulanishning umumiy oʻtkazuvchanlik qobiliyati 2,6 barobar oshirilib, 3 200 Gbit/s ga yetkazilgan. Magistral telekommunikatsiya tarmoqlari oʻtkazuvchanlik qobiliyati viloyatlararo darajada 600 Gbit/s ga, tumanlararo darajada esa 60 Gbit/s ga yetkazilgan.

Shu bilan birga respublikada internet tezligini oshirishga, operator va provayderlarga Internet xizmatlari uchun tarifning 2021-yil boshiga nisbatan 25 foizga arzonlashtirishga erishildi. Shuningdek, 2021-2022-yillarda qoʻshimcha 102 ming km optik-tolali aloqa liniyalarini qurish orqali ularning umumiy uzunligi 170 ming kmga yetkazilgan.

2020-yil yakunida 2,7 mlnta uy xoʻjaliklari, tadbirkorlik subyektlari va ijtimoiy soha obyektlarining keng polosali Internetga ulanish imkoniyati mavjud boʻlgan boʻlsa, soʻnggi ikki yilda qoʻshimcha 1,7 mln keng polosali portlar oʻrnatilishi natijasida jami 4,4 mlnta uy xoʻjaliklari, tadbirkorlik subyektlari va ijtimoiy soha obyektlarining keng polosali Internetga ulanish imkoniyati yaratilgan.

Aholining Internet xizmatidan foydalanuvchilari soni 31,0 mlndan ortdi. Shundan mobil Internet foydalanuvchilari soni 29,5 mln.ni tashkil etadi. Shuningdek, soʻnggi ikki yilda 22 300 ta qoʻshimcha tayanch stansiyalari oʻrnatilib ularning umumiy soni 54,0 mingtaga yetkazildi. Respublika boʻyicha mobil aloqa qamrovi darajasi 99 foizga, keng polosali mobil Internet qamrovi 98 foizga yetkazilgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling