Foto: YouTube
Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi Qashqadaryoda “uch kunlik” firma 2,6 mlrd soʻmlik soʻmlik issiqxonalar qurish tenderini yutib chiqqani aytilgan xabarlarga munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi Qashqadaryo viloyati boshqarmasi tomonidan "etender.uzex.uz" maxsus elektron portalidagi 12 ta lot boʻyicha 12 ta tumanda jami 289 ta 2 mlrd 601 mln soʻmlik yengil konstruksiyali issiqxonalar oʻrnatish boʻyicha oʻtkazilgan tanlov natijalari yuzasidan oʻrganish ishlari olib borilgan.
Oʻrganish natijasida buyurtmachi tomonidan savdolarning qonunchilikda belgilangan tartibini buzish holati fosh bo'lgan. Shuningdek, savdolarning bir nechta ishtirokchisiga savdolarda qatnashish uchun imtiyozli shart-sharoitlar yaratib berish orqali qonun buzilishlariga yoʻl qoʻyilganlik alomatlari aniqlangan.
Xususan, "NXS NXS Ctroybadmetall" MCHJ va "Turnoverprice" MCHJ tomonidan kerakli hujjatlar (issiqxona qurish boʻyicha ish tajribasi, qurilishda ishlatiladigan materiallar roʻyxati) taqdim qilinmagan boʻlsa-da, ularga asossiz yuqori ballar berilgani maʼlum boʻlgan.
Bundan tashqari, buyurtmachi tomonidan oʻtkazilgan tanlovlarda xarid komissiyasi aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi hozir boʻlmagan holda qonunchilikka zid ravishda qaror qabul qilingan.
Yuqoridagilarga asosan, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan 10-noyabrda ish qoʻzgʻatilib, “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi va “Raqobat toʻgʻrisida”gi qonun talablari buzilgan deb topilgan.
Tanlov savdolarining qarorlarini bekor qilish va qonunchilikda belgilangan tartibda qayta tanlov oʻtkazish boʻyicha koʻrsatma berilgan.
Bugungi kunda qarorlar bekor qilingan va qayta tanlov oʻtkaziladi. Shu bilan birgalikda, qonunbuzilish holatlariga yoʻl qoʻygan mansabdor shaxslarga nisbatan maʼmuriy javobgarlik choralari koʻrilmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling