Foto: Teznews
Samarqand shahrida yashovchi shaxs 13 yoshli qizning nomusiga tekkan va oqibatda qiz homilador boʻlib qolgan. "Kun.uz"ning maʼlum qilishicha, erkakka sud tomonidan 12 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Maʼlum boʻlishicha, erkak 2017-yil dekabr oyidan 2021-yilgacha Samarqand shahridagi xonadonda qizning onasi bilan birga yashab kelgan. Shuningdek, ular bilan birga ayolning voyaga yetmagan farzandlari, 18 hamda 13 yoshli qizlari (jabrlanuvchi) ham yashagan.
Erkak 2019-yildan 2021-yil 20-noyabrgacha qizning 14 yoshga toʻlmaganini bilgan holda, uning ojizligidan foydalanib, nomusiga tegib kelgan. Homila 2,5 oylik boʻlganda, qizdagi jismoniy oʻzgarishlarni sezgan xolasi IIBga murojaat qilgan.
Dastlabki tergovda qiz qonuniy vakili, pedagog va himoyachi ishtirokida soʻroq qilinganda erkak uning ojizligidan foydalanib, 2019-yildan 2021-yil 20-noyabrga qadar nomusiga tegib kelganligini maʼlum qilgan.
Jinoyat ishlari boʻyicha Samarqand shahar sudining 2022-yil 25-oktyabrdagi hukmiga koʻra, erkakka Jinoyat kodeksining 118-moddasi (nomusga tegish) 4-qismi bilan 57-modda qoʻllanib, 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Ish boʻyicha 2022-yil 2-noyabr kuni sudlanuvchi va uning himoyachisi hamda jabrlanuvchi voyaga yetmagan qiz va uning qonuniy vakili tomonidan apellyatsiya tartibida shikoyat berilgan.
Samarqand viloyat sudi jinoyat ishlari boʻyicha sudlov hayʼati apellyatsiya instansiyasining 2022-yil 15-dekabrdagi ajrimi bilan tomonlarning appelyatsiya shikoyatlari qanoatlantirilmagan. Jinoyat ishlari boʻyicha Samarqand shahar sudining 2022-yil 25-oktyabr kungi hukmi oʻzgarishsiz qoldirilgan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling