Foto: UzReport
Toshkent shahar Chilonzor tumanida joylashgan jarima maydonida yoʻl-patrul xizmati xodimlari va fuqarolar oʻrtasida janjal sodir boʻldi.
Maʼlum qilinishicha, yoʻl-patrul xizmati xodimlari Nexia mashinasiga qoʻshimcha ovoz kuchaytirgich oʻrnatilgani aniqlagan.
Shuningdek, Nexia haydovchisi avtomobil yon va old oynalarini ruxsatnomasiz qoraytirib olgani maʼlum boʻlgan.
Bundan tashqari, haydovchining doʻsti yetib kelgan va vaqtinchalik jarima maydoniga joylashtirilgan mashinaning qoraytirilgan plyonkalarini oʻzboshimchalik bilan shilib tashlagan.
Qoidabuzarliklar sodir etgan haydovchiga YPX xodimlari bayonnoma rasmiyalshtirmoqchi boʻlgan. Biroq haydovchining jarima maydonchasiga yetib kelgan uch nafar doʻsti bunga qarshilik qilib, janjal chiqargan.
Shu bilan birga, tortishuv atrofdagi boshqa fuqarolarni ham jalb qilgan. Shundan soʻng, voqea videoga olinib, ijtimoiy tarmoqlarga joylangan.
Tarqalgan videoda aytilishicha bir necha shaxs Ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy faoliyatiga aralashib, inspektorlarning ogohlantirishlariga qaramay jamoat tartibini buzgan.
Mazkur holat yuzasidan hujjatlar rasmiylashtirib, jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudiga taqdim etilgan. Sud majlisidan so‘ng YPX xodimlarining faoliyatiga qarshilik qilgan, jamoat tartibini buzib, bezorilik sodir etgan shaxslarga nisbatan qaror qabul qilingan.
Unga ko‘ra, fuqarolarga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183 (mayda bezorilik), 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismida bayon etilgan huquqbuzarlikni sodir etganlikda aybdor deb topilib, shu kodeksning 34-moddasi tartibida uzil-kesil 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling