Ichki ishlar vazirligi Toshkentda ayolining jasadini mashinada olib yurgan erkak bo'yicha ma'lumot berdi

Aniqlik kiritilishicha, ayolning o'limiga chap tuxumdon kistasining yorilishi oqibatida, ichki qon ketishi sabab bo'lgan

Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G'iyosov Toshkentda erkak xotinini o'ldirib, uning jasadini ikki kundan buyon mashinada olib yurgani aytilgan holatga munosabat bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, 9-iyun kuni Yakkasaroy tumani Kichik halqa yo'li ko'chasida yashovchi 35 yoshli ayol erta sahardan kuchli bosh og'rig'i hamda to'xtovsiz qayd qilish oqibatida turmush o'rtog'i tez yordamga murojaat qilgan. Shofoxonada ko'rsatilgan muolajalarga qaramasdan ayol shu kuni soat 09:45 vafot etgan.

O'tkazilgan sud-tibbiyot eskpertizasining xulosasiga ko'ra, ayolning o'limiga chap tuxumdon kistasining yorilishi oqibatida, ichki qon ketishi sabab bo'lgan.

Ma'lumotlarga qaraganda, ayolning tanasida hech qanday tan jarohati bo'lmagan.

Qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p muhokamalarga sabab bo'layotgan videotasvir joriy yil 10-iyun kuni marhumaning murdasi sud-tibbiyot ekspertizasi tekshiruvlaridan olinib, turmush o'rtog'i tomonidan Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidagi yashash joyiga avtomashinada olib kelingan vaqtda tasvirga olingan.

Hozirda holat yuzasidan prokuratura organlari tomonidan tekshiruv o'tkazilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling