Foto: Maktabgacha ta'lim vazirligi
2022-yil 14-16-noyabr kunlari Toshkent shahrida YUNESKOning erta yoshdagi bolalarni tarbiyalash va taʼlim berish boʻyicha II Butunjahon konferensiyasi boʻlib oʻtadi.
Davlat xaridlari elektron tizimiga joylashtirilgan maʼlumotlarga koʻra, bu konferensiya doirasidagi tadbirlarni oʻtkazish uchun Maktabgacha taʼlim vazirligi beshta kompaniya bilan qariyb 20 mlrd soʻmlik shartnomalar imzolagan, deb xabar bermoqda "Kun.uz".
Xususan, 24-oktyabrda Maktabgacha taʼlim vazirligi Asia Star Plaza MCHJ bilan qiymati 334 mln soʻmlik shartnomani imzolagan. Shartnomaga koʻra, "Hampton by Hilton" mehmonxonasidan 5-20-noyabr kunlari 83 nafar odam uchun standart bir kishilik xonalar beriladi.
26-oktyabr kuni esa vazirlik "Twins Creative and Entertainment MCHJ" bilan ham shartnoma imzolagan. Bunda 227 mln 400 ming soʻm evaziga kompaniya MTVning tarixiga bagʻishlangan bitta 5 daqiqali videoni 154 mln 640 ming 500 soʻmga, LED ekran uchun 4 ta 15 soniyali videorolikni 72 mln 772 ming soʻmga tayyorlab beradi.
Qayd etilishicha, noyabrdagi konferensiya doirasida Humo arenaʻda "We are the children" nomli fotokoʻrgazma ham oʻtkaziladi. Bu tadbir tayyorgarligi uchun esa "Wind Rose" MCHJga jami 3 mlrd 300 mln soʻm sarflanishi koʻzda tutilgan.
Vazirlik 28-oktyabrda Congress Hallʻdagi tadbirlarni tashkil etish va oʻtkazish uchun Abdullayev Aʻzam Xasanovich YATT bilan 2 mlrd 300 mln soʻmlik shartnoma tuzgan.
Shuningdek, 2-noyabr kuni imzolangan shartnomaga koʻra 13-16-noyabrda Congress Hall va Hiltonʻning ichki va tashqi maydonlarini konferensiya uchun bezatish ishlariga Global Event and Construction MCHJ yollanib, buning uchun 12 mlrd 906 mln soʻm sarflanadi.
Yuqoridagi barcha shartnomalarda Maktabgacha taʼlim vazirligi buyurtmachi hisoblanib, ularni vazir oʻrinbosari Nodir Muslitdinov imzolagan.
Xabarda aytilishicha, ushbu tadbir toʻgʻrisidagi maʼlumotlar global forum oʻtganidan soʻng berilishi mumkin.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling