Pedagoglarni attestatsiyadan o‘tkazish, kasbiy sertifikatlash va rag‘batlantirish tizimi takomillashtiriladi

Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi

Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Qarorga ko‘ra, 2025 yil 1 sentyabrgacha navbatdagi majburiy attestatsiyaga jalb etilmagan, shuningdek, attestatsiyadan o‘tganlik muddati tugagan va amaldagi malaka toifasi saqlanib qolgan quyidagi pedagoglar majburiy attestatsiyaga jalb etilmaydi hamda ularga amaldagi malaka toifasi (lavozimi) bo‘yicha haq to‘lanadi:

  • oliy malaka toifasiga (bosh o‘qituvchi lavozimiga) ega bo‘lganidan so‘ng ushbu toifani (lavozimni) 15 yil davomida saqlab kelgan va uzluksiz ish stajiga ega bo‘lgan;
  • pedagogik faoliyat bo‘yicha 25 yil va undan ko‘p ish stajiga ega bo‘lgan;
  • yoshga doir pensiyaga chiqishi uchun 5 yildan ko‘p bo‘lmagan vaqt qolgan;
  • pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanayotgan pensiya yoshiga to‘lgan pedagoglar;

Quyidagi talablardan biriga javob beradigan pedagoglarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri malaka toifasi (lavozimi) beriladi:

  • pedagogik faoliyat bo‘yicha 25 yil va undan ko‘p ish stajiga ega bo‘lgan pedagoglarga – ularning amaldagi malaka toifasi (lavozimi);
  • yoshga doir pensiyaga chiqishi uchun 5 yildan ko‘p bo‘lmagan vaqt qolgan pedagoglarga – ularning amaldagi malaka toifasi (lavozimi);
  • oliy malaka toifasiga (bosh o‘qituvchi lavozimiga) ega bo‘lganidan so‘ng ushbu toifani (lavozimni) 15 yil davomida saqlab kelgan va uzluksiz ish stajiga ega bo‘lgan pedagoglarga – oliy malaka toifasi (bosh o‘qituvchi lavozimi).

Shuningdek, quyidagilar nazarda tutilmoqda:

  • taʼlim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan musiqa madaniyati va jismoniy tarbiya fani pedagoglari, pensiya yoshidagi pedagoglar hamda oliy maʼlumotga ega bo‘lmagan pedagoglarni attestatsiyadan o‘tkazish;
  • Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tizimida faoliyat yuritayotgan malakali pedagog kadrlar va ilg‘or xodimlarni rag‘batlantirish;
  • Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri jamg‘armasi faoliyatini takomillashtirish.
telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling