AQSh razvedka idoralari Darya Duginaning oʻldirilishi ortida Ukraina hukumati turganiga ishonmoqda

Zelenskiy esa Ukraina Duginaning oʻldirilishiga aloqadorligini rad etgan

Foto: BBC

Foto: BBC

AQSh Rossiyada Darya Duginaga uyushtirilgan suiqasd ortida ukrainaliklar turganiga ishonmoqda, deb xabar berdi "New York Times" nashri.

“Rasmiylarning soʻzlariga koʻra, Qoʻshma Shtatlar hujumda ishtirok etmagan, razvedka maʼlumotlari yoki boshqa yordam koʻrsatmagan. AQSH rasmiylari, shuningdek, operatsiya haqida oldindan maʼlumotga ega boʻlmaganliklarini va ular bilan maslahatlashilganida, suiqasdga qarshilik bildirgan boʻlishlarini aytishdi“,— deya yozmoqda gazeta.

Qayd etilishicha, Qoʻshma Shtatlar ”garchi bunday hujumlar katta ramziy ahamiyatga ega boʻlsada, jang maydoniga toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsir qilmasligi va Moskvani Ukrainaning yuqori martabali amaldorlariga qarshi oʻz zarbalarini berishga undashi mumkinligidan xavotirda“.

The New York Times manbalari, shuningdek, AQSH rasmiylari Ukrainaning, xususan, Rossiya hududidagi harbiy rejalari haqida shaffoflik yoʻqligidan hafsalasi pir boʻlganini ma'lum qilgan.

Eslatib oʻtamiz, Darya Dugina 20-avgust kuni avtomobil portlashi natijasida vafot etgandi. 29 yoshdagi jurnalist hodisa vaqtida mashinani boshqargan, ammo bu mashinaga uning otasi Aleksandr Dugin minishi kerak boʻlgan.

Rossiya Tergov qoʻmitasi tomonidan bu boʻyicha umumiy xavfli usulda sodir etilgan qotillik moddasi boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Keyinchalik Federal xavfsizlik xizmati Duginaning oʻldirilishi Ukraina maxsus xizmatlari tomonidan tayyorlanganini maʼlum qilgan.

Vladimir Zelenskiy esa Ukraina Duginaning oʻldirilishiga aloqadorligini rad etgan.

”Bunga aniq biz javobgar emasmiz. U bizning davlatimiz fuqarosi emas. U bizni qiziqtirmaydi. Va u Ukraina hududida boʻlmagan", — deya taʼkidlagan Zelenskiy.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling