Foto: Tez News
Navoiy viloyatida 454 kishining plastik kartalaridan juda koʻp miqdorda pullarini oʻmargan jinoiy guruh qoʻlga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Kiberxavfsizlik markazi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Navoiy viloyati Zarafshon shahrida yashovchi fuqaro ariza bilan murojaat qilib, Telegram messenjerida nomaʼlum shaxs feyk xabar orqali uning bank kartasi boshqaruvini qoʻlga kiritib, jami 2 mln780 ming soʻm pullarini yechib olganligini bildirib, nomaʼlum shaxsga nisbatan qonuniy chora koʻrishni soʻragan.
Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida ushbu jinoyatni bir guruh shaxslar oʻzaro jinoiy til biriktirib sodir etganligi aniqlangan.
Jinoiy guruh aʼzolari Navoiy viloyati Xatirchi tumanida yashovchi, muqaddam Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan sudlangan 16 yoshli fuqaro, uning 21 yoshli akasi, Buxoro viloyati Kogon tumanida yashovchi, Tojikistonda tugʻilgan 37 yoshli fuqaro va uning 16 yoshli oʻgʻli ekanligi maʼlum boʻlgan.
Xabarga koʻra, guruh soxta havolalardan foydalanib, telegram messenjeridagi guruh va kanallarda yolgʻon xabarlarni tarqatib jami 454 nafar fuqaroning bank kartalari boshqaruvini qoʻlga kiritib juda koʻp miqdordagi pullarni oʻzlashtirgan.
Guruh aʼzolariga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling