Foto: Vesty.co.il
Tel-Avivda 83 yoshli nafaqaxoʻr ayolga zulm oʻtkazganlikda gumon qilingan oʻzbekistonlik ayol qoʻlga olindi. Bu haqda “News of Israel” xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, voqea guvohlari keksa ayolni 2-dekabr kuni koʻp qavatli uyning oshxonasidan qulflangan holda topishgan. Maʼlum qilinishicha, uning tanasidan zoʻravonlik izlari topilgan. Keksa ayolga voqea joyida tibbiy yordam koʻrsatilgan.
Huquq-tartibot idoralari xodimlari bu ishni qilganlikda gumonlangan 37 yoshli oʻzbekistonlik ayolni qoʻlga olgan. U binoni tozalash ishlari bilan shugʻillanib kelgan.
Xabarga koʻra, u uyni tozalash vaqtida nogironlar aravachasida harakatlanayotgan ayolni tozalashga halaqit bermasligi uchun oshxonaga qamab qoʻygan.
Maʼlumotlarga koʻra, bu voqea jabrlanuvchining uyida emas, balki oʻzbekistonlik ayolga ajratilgan boshqa bir uyni tozalash vaqtida sodir boʻlgan. Gumonlanuvchining taʼkidlashicha, u keksa ayolni kaltaklamagan, uning badanidagi koʻkarishlar ayolning oʻzi goʻyoki stuldan yiqilib tushganidan soʻng paydo boʻlgan.
Hozirda huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling