Qashqadaryoda 59 yoshli shifokor ayovsiz kaltaklangani aytilmoqda

Olgan jarohatlari natijasida shifokor hushini yoʻqotgan

Foto: Tez News<br>

Foto: Tez News

Chiroqchi tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli Uyshun oilaviy poliklinikasida xizmat vazifasini bajarib turgan 59 yoshli shifokor kaltaklangani aytilmoqda. Bu haqda Viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, poliklinikada 35 yildan buyon umumiy amaliyot shifokori (ayni paytda oilaviy shifokor) boʻlib ishlab kelayotgan fuqaro qabuliga 2022-yil 3-noyabrda kech soat 18:30 atrofida bir notanish erkak 2 nafar ayol bilan kelgan.

Erkak shifokorga turmush oʻrtogʻining betobligini aytib, uni tekshirib qoʻyishini soʻragan. Shifokor unga bemorni tekshirguniga qadar oyoq kiyimidagi loyni tashqarida yuvib kelishini aytgan.

Shundan soʻng erkak shifokorni haqoratlab, boʻynidan boʻgʻib, ayovsiz mushtlab, tepkilab tashlagan. Olgan jarohatlari natijasida shifokor hushini yoʻqotgan.

Jabrlanuvchi Chiroqchi tumani tibbiyot birlashmasi shoshilinch tibbiy yordam boʻlimiga “Peshona, ikkala yonoq, yuz, burun usti, boʻyin sohasi yumshoq toʻqimalari lat yeyishi, koʻkargan jarohatlari, tirnalmalar, bosh chayqalishiga gumon” tashxisi bilan yotqizilgan.

Ayni paytda davo muolajalari davom ettirilmoqda.

Maʼlum qilinishicha, mazkur holat viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi nazoratiga olingan, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan oʻrganilmoqda.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling