11-dekabr kuni aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan mutanosib taʼminlash masalalari boʻyicha Respublika shtabining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Yigʻilishga Prezident Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzoqov rahbarlik qildi.
Yigʻilish davomida qonunbuzilishga hamda masʼuliyatsizlikka yoʻl qoʻygan soha rahbarlaridan ayrimlarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan, shuningdek, “Hududgaztaʼminot” AJning Toshkent viloyati boʻyicha tarkibiy boʻlinmasi boʻlgan “Hududgaz Toshkent” filiali direktori Muzaffar Aliyev va “Yangiyoʻl tumangaz” rahbari Umid Toʻychiyev va “Guliston tuman elektr tarmoqlari korxonasi” sobiq rahbari Furqat Shodmonqulovga nisbatan jinoyat ishi ochilgan hamda ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.
“Agar boshqa hududlardagi masʼullar ham bundan toʻgʻri xulosa chiqarmasa va qonunbuzilish holatlariga yoʻl qoʻysa, ularga ham, albatta, xuddi shunday jinoiy ish qoʻzgʻatiladi” — deydi Sardor Umurzoqov.