Foto: Prokuratura departamenti
Buxoro shahrida xodimlarning mablag‘larini o‘zlashtirgan sobiq hisobchi aniqlandi, deya xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.
Qayd etilishicha, departamentning Buxoro shahar bo‘limi tomonidan tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Unda, “M” MCHJ sobiq hisobchisi MCHJga tegishli korporativ kartadan 961,5 mln so‘mni naqdlashtirib olib o‘zlashtirganligi hamda korxonaning 59 nafar xodimining 99 mln so‘m ish haqini shaxsiy kredit to‘lovlari uchun yo‘naltirganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blanklar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling