Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentda YPX xodimlari haydovchini mashinadan tushirish uchun uning oynasini sindirayotgani tasvirlangan video tarqaldi. Toshkent shahar IIB mazkur holat yuzasidan rasmiy izoh berdi.
Qayd etilishicha, 2022-yilning 1-noyabr kuni taxminan soat 17:00 lar atrofida 18 yoshli fuqaro Nexia-2 rusumli avtomobilni tegishli hujjatlarga ega boʻlmagan holda boshqargan. Shuningdek u yoʻlda uch marotaba YPX inspektorlarining qonuniy talablariga boʻysunmasdan harakatni davom ettirgan.
Toʻrtinchi marotaba Yunusobod tumani Amir Temur va Shahrisabz koʻchalari kesishgan chorrahada YPX inspektori tomonidan jezl va xushtak yordamida toʻxtash ishorasi berilganda, haydovchi katta tezlikda harakatlanishni davom ettirgan.
Bir nechta xodimlarning qonuniy talablariga boʻysunmasdan harakatini davom ettirayotgan mashinani toʻxtatish maqsadida boshqa transport vositalari ham toʻxtatilgan.
Shundan soʻng Amir Temur – Alisher Navoiy – Shahrisabz koʻchalari kesishgan chorrahada YPX inspektori tomonidan transport vositasi toʻxtatib qolingan.
Haydovchi oʻzini shubhali tutib, xodimlarning eshikni ochish va transport vositasidan tushish haqidagi qonuniy talabiga boʻysunmasdan, avtomobilni ichkaridan qulflab olgan. Shu sababli transport vositasining oynasini sindirish orqali haydovchining eshigi ochilgan va haydovchining avtomobilni boshqarish imkoniyati cheklangan.
Holat yuzasidan haydovchiga nisbatan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 194-moddasi (“Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik”) bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Transport vositasi jarima maydoniga joylashtirilgan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling