Foto: ABC
Buxoroda bir necha bor ogohlantirilgan boʻlishiga qaramay, aliment toʻlashdan boʻyin tovlagan ota 15 sutkaga qamaldi. Bu haqda Majburiy ijro byurosi axborot xizmati xabar berdi.
Taʼkidlanishicha, buxorolik shaxs 2014-yildan buyon ikki nafar farzandining moddiy taʼminoti uchun aliment toʻlamay kelgan. Oilaviy kelishmovchilik sabab erining uyidan chiqib ketgan fuqaro aliment undiruvi boʻyicha Fuqarolik ishlari boʻyicha Buxoro shahar sudiga murojaat qilgan.
Ijro harakatlari davomida qarzdor bir necha bor ogohlantirilgan boʻlishiga qaramasdan, ijro hujjati talablarini bajarishdan boʻyin tovlab, 32 mln soʻmdan ortiq aliment toʻlovlarini toʻlamasdan kelgan. Shu sababli unga nisbatan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, mazmunan koʻrib chiqish uchun jinoyat ishlari boʻyicha Buxoro shahri sudiga yuborilgan.
Mazkur sud tomonidan 1-noyabr kuni qarzdor otaga nisbatan toʻplangan maʼmuriy ish hujjatlari ochiq sud majlisida koʻrib chiqilgan. Qarzdorning aybi, oʻz aybiga iqrorlik va qilmishidan pushaymon boʻlib bergan koʻrsatuvidan tashqari, tushuntirish xatlari, maʼmuriy bayonnoma va ishda toʻplangan boshqa yozma dalillar bilan oʻz isbotini topgan.
Sud Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 47, 4-moddasiga (voyaga yetmaganlarni moddiy ta'minlashdan bo'yin tovlash) asosan qarzdorga nisbatan 15 sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinladi. Qarzdor ota sud zalida darhol qamoqqa olinib, jazoni oʻtash uchun maxsus muassasaga joylashtirildi.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling