Navoiyda COVID-19 bilan xastalangan bemorga qaragani uchun kasal bo'lgan shifokorga 100 mln so'm pul undirib berildi

Infeksiyadan soʻng sogʻligʻi batamom tiklanmaganligi bois fuqaroga nisbatan nogironlik belgilangan

Foto: Sof.uz<br>

Foto: Sof.uz

Navoiy viloyatida COVID-19 bilan xastalangan bemorlarga tibbiy yordam koʻrsatish jarayonida oʻzi ham kasal boʻlgan shifokorga 100 mln soʻm miqdorda pul unidirib berildi. Bu haqda Navoiy viloyati adliya boshqarmasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, 2020-yilga qadar Navoiy viloyati Navbahor tuman tibbiyot birlashmasida faoliyat yuritgan fuqaro birlashmaning buyrugʻi bilan COVID-19 infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarga tibbiy yordam koʻrsatish maqsadida safarbar qilingan.

Maʼlum qilinishicha, u birlashmaning yuqumli kasalliklar boʻlimida 12-25-iyul kunlari oraligʻida COVID-19 bilan xastalangan bemorga tibbiy muolajalar oʻtkazgan.

Faoliyati davomida u koronavirus infeksiyasini yuqtirib, salomatligi keskin yomonlashgan. Tibbiy tahlillarga koʻra, fuqaro infeksiyani ish jarayonida yuqtirib olgani tasdiqlangan.

COVID-19 infeksiyasidan davolangandan soʻng ham sogʻligʻi batamom tiklanmaganligi bois fuqaroga nisbatan nogironlik belgilangan. Xabarga koʻra, hozirda mazkur fuqaro 2-guruh nogironi sifatida roʻyxatda turadi.

Biroq, shunday boʻlishiga qaramay, fuqaroga qonunchilikda belgilangan tartibda pul mablagʻlari toʻlab berilmagan. Shu bois, adliya boshqarmasi tomonidan fuqaro manfaatida sudga daʼvo arizasi kiritilgan va fuqaroga qonunchilikda belgilangan tartibda 100 mln soʻm pul undirib berilgan.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling