"Isrofgarchilikning oliy darajasi" — Qo'rg'ontepa hokimligi binosidagi chiroqlar ko'plab muhokamalarga sabab bo'ldi

Qoʻrgʻontepa tumani hokimligi matbuot xizmati mazkur xabarlar yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi

Foto: Qo'rg'ontepa hokimligi matbuot xizmati

Foto: Qo'rg'ontepa hokimligi matbuot xizmati

Andijon viloyati Qoʻrgʻontepa tumani hokimligi yangi bayrami munosabati bilan hokimyat binosini chiroqlar bilan bezatilgani haqida xabar bergan edi. Mazkur holat jamoat faollari tomonidan koʻplab tanqidlarga sabab boʻlmoqda.

“Dasturimizni Andijon viloyati yangiliklari bilan davom ettiramiz. Bu yangilik, emojilarga qaraganda, odamlarga yoqyapti.

Maʼlumot uchun, Toshkentdagi prezident trassasiga ilingan shunday bezakli chiroqlar energiya inqirozi boshlanganidan beri oʻchiq”, — deb yozadi Muhrim Aʼzamxoʻjayev oʻzining shaxsiy Telegram kanalida.

Jumladan, “SAFAR” Telegram kanalining muallifi ushbu holatga oʻz fikrini bildirgan.

“Koʻp ehtimol tumanning aksariyat xonadonlarida ayni vaqtda svet yoʻq. Hokilmik esa qimmatbaho va koʻp energiya “yeydigan” chiroqlar bilan bezatilmoqda. Qoyil qolmay iloji yoʻq bu “kallali rahbarlar”ga. Insof bersin sizlarga”, — deya yozadi u.

Foto: Qo'rg'ontepa hokimligi matbuot xizmati

Foto: Qo'rg'ontepa hokimligi matbuot xizmati

Shuningdek, ”Qitmir muxbir“ Telegram kanalining asoschisi ham mazkur xabarlar yuzasidan oʻz fikrlarini bildirgan.

”Chekka-chekka hududlardagi aholi elektr tokisiz oʻtirgan paytda hokimlik binosida elektr toki borligini, toʻgʻrirogʻi koʻpligini koʻz-koʻz qilyaptimi shunda?", — deb yozgan u oʻz kanalida.

Qoʻrgʻontepa tumani hokimligi matbuot xizmati mazkur xabarlar yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, ushbu dekorativ chiroqlar yaqinlashib kelayotgan yangi yil bayrami munosabati bilan aholining bayramona kayfiyatda boʻlishini maqsad qilgan holda oʻrnatilgan.

Foto: Qo'rg'ontepa hokimligi matbuot xizmati

Foto: Qo'rg'ontepa hokimligi matbuot xizmati

“Hokimlik binosidagi chiroqlarni oʻrnatish oldidan mutaxassislar energiya tejamkorligi masalasiga eʼtibor qaratgan. Elektr sarfi jihatidan mazkur dekoratsiya 250 vatt quvvat sarflaydi va bu oddiy xonadondagi bitta chiroqning sarfidan kamroq.

Shu taqdirda ham bu chiroqlar soat 18:00 dan - 21:00 gacha yonib turishi rejalashtirilgan boʻlib, aholining oilaviy sayr vaqtiga moʻljallangan. Boshqa vaqtlarda dekorativ chiroqlarni yoqish rejalashtirilmagan”, — deyiladi hokimlik munosabatida.

telegramKo`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling