Foto: Tez News
Toshkent shahri va Toshkent viloyatida psixatrop moddalar savdosi bilan shugʻullangan shaxslar aniqlandi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan bojxona organlari bilan hamkorlikda Toshkent shahrining Sergeli tumanida tezkor tadbirlar oʻtkazilgan. Unga koʻra, Shayxontoxur tumanida yashovchi, 37 yoshli fuqaro 56 dona “Regapen” va 10 dona “Tropikamid” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini sotayotgan vaqtda qoʻlga olingan.
Shuningdek, mazkur fuqaroning “Cobalt” rusumli avtomashinasi tegishli tartibda tekshirilganda, 2858 dona “Regapen” va 691 dona “Tropikamid” dori vositalari borligi ham aniqlangan.
Jinoyat ishlari boʻyicha Sergeli tumani sudi tomonidan u Jinoyat kodeksining 251−1-moddasi (Kuchli taʼsir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) 3-qismi bilan aybdor deb topilib, 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.
Boshqa holatda esa Toshkent viloyatining Oʻrtachirchiq tumanida yashovchi, 47 yoshli fuqaroning xonadoni koʻzdan kechirilganda 77 dona “Tropikamid”, 13 dona “Regapen” va 6 dona “Selofen” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlangan.
Jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent viloyati sudi tomonidan mazkur shaxs Jinoyat kodeksining 251−1-moddasi ( (Kuchli taʼsir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) bilan aybdor deb topilib, unga 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Shuningdek, Toshkent viloyatidagi “Chinor” YPX maskanida Andijon viloyatining Paxtaobod tumanida yashovchi, 40 yoshli fuqaroning boshqaruvidagi “Cobalt” rusumli avtomashina toʻxtatilib tekshirilganda, unda 5572 dona “Regapen” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Soʻngra tezkor tadbir davom ettirilib, Sirdaryo viloyatining Yangiyer shahrida yashovchi, 31 yoshli fuqaro mazkur dori vositalarini Toshkent shahrida qabul qilib olgan vaqtda ushlangan.
Shu bilan birga, u dori vositalarining bir qismini Chilonzor tumanida yashovchi, 37 yoshli fuqaroga sotishi kerakligi maʼlum boʻlib, u ham qoʻlga olingan.
Bundan tashqari, tegishli koʻrsatmalar asosida jinoiy guruh yetakchilari — Toshkent shahrida yashovchi, 39 yoshli shaxs va Qoʻqon shahrida yashovchi, 26 yoshli fuqarolar ham ushlangan. Oʻz oʻrnida Qoʻqon shahrida yashovchi 26 yoshli fuqaroning yashash xonadoni koʻzdan kechirilganda 3542 dona “Regapen” dori vositasi borligi aniqlangan.
Taʼkidlanishicha, ushbu kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari mamlakatga Qirgʻizistondan kontrabanda yoʻli bilan olib kelingan.
Jinoyat ishlari boʻyicha Ohangaron shahar sudi tomonidan Qoʻqon shahrida yashovchi 26 yoshli fuqaro va Yangiyerlik 31 yoshli fuqarolarga 5 yil, Toshkent shahrida yashovchi 39 yoshli fuqarolarga 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Andijonlik 39 yoshli fuqaroga va Chilonzor tumanida yashovchi 37 yoshli fuqarolarga esa 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Shu bilan birga Jinoyat kodeksining 72-moddasi (shartli hukm qilish) qoʻllanilgan holda tayinlagan jazo shartli deb hisoblanib, ularga 2 yil sinov muddati belgilandi.