Foto: Repost.uz
Toshkent shahar madaniyat bosh boshqarmasi tomonidan xaridlarni amalga oshirishda qonunchilik talablari buzilganligi aniqlandi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmati xabar berdi.
Xabarda keltirilishicha Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Toshkent shahar madaniyat bosh boshqarmasi buyurtmachiligida “etender.uzex.uz” maxsus axborot portaliga 8 ta lot boʻyicha jami qiymati 5,8 mlrd soʻmlik festivalar yuzasidan qonunchilik talablariga rioya qilinishi holati oʻrganildi. Bularga “Opera fest-2022”, “Music fest-2022”, “Food fest-2022”, “Art fest-2022”, “Dance fest-2022” festivallari va “Gullar bazmi”, “Nukus 5 tashabbus-2022” tadbirlari kiradi.
Oʻrganishlarga koʻra, ushbu tadbirlar 2022-yil may-sentyabr oylarida oʻtkazilgan boʻlishiga qaramay, portalga oltita lot boʻyicha 24-oktyabr kuni va ikkita lot boʻyicha 3-noyabr kuni eʼlonlar joylashtirilgan.
“Mazkur xaridlar yuzasidan ikkita tadbirkorlik subyekti oʻzining tijorat takliflari bilan ishtirok etgan (ʻM.C.ʻ va ʻP.E.ʻ MCHJlar) va ular bilan jami 5,7 mlrd soʻmlik shartnoma imzolangan”, — deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, shundan to'rtta lot boʻyicha “M.C.” MCHJ bilan 2,8 mlrd soʻmlik hamda to'rtta lot boʻyicha “P.E.” MCHJ bilan 2,9 mlrd soʻmlik shartnomalar imzolangan.
“Yuqoridagi davlat xaridlarini amalga oshirishda "Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonun va Vazirlar Mahkamasining ʻDavlat xaridlarini amalga oshirish bilan bogʻliq tartib-taomillarni tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidaʻgi 276-son Qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablari buzilganligi aniqlandi", deyiladi xabarda.
Maʼlum qilinishicha, oʻrganish jarayonida toʻplangan hujjatlar huquqiy baho berish uchun Bosh prokuraturaga yuborilgan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling