Ijtimoiy tarmoqlarda “Yana MIB xodimi kaltak yedi” sarlavhasi ostida videoxabarlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Majburiy ijro byurosi rasmiy munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, byuroning Yunusobod tumani boʻlimi ish yurituvida fuqarolik qarzdor fuqarodan undiruvchi qizi foydasiga 2 nafar voyaga yetmagan farzandi taʼminoti uchun qarzdorning har oylik ish haqi va boshqa daromadlarining 1/3 qism miqdorida aliment va farzandi uch yoshga toʻlgunga qadar har oyda mehnatga haq toʻlashning eng kam 1/4 baravari miqdorida moddiy taʼminot undirish toʻgʻrisidagi ijro hujjati mavjud.
Mazkur aliment undiruvi bilan bogʻliq ijro hujjati yuzasidan 27-fevral kuni qarzdor fuqaro boʻlim davlat ijrochisi tomonidan byuroning Yunusobod tumani boʻlimiga chaqirtirilgan va qarzdor fuqaro davlat ijrochisidan aliment hamda moddiy taʼminot pullarini hisoblab berishni soʻragan.
Davlat ijrochisi qarzdor fuqarodan aliment hamda moddiy taʼminot pullarini toʻlaganini tasdiqlovchi hujjat soʻraganda taqdim qilishdan boʻyin tovlagan. Shundan soʻng byuroning Yunusobod tumani boʻlimi binosi tashqarisida qarzdor fuqaro davlat ijrochisiga haqoratli soʻzlar ishlatib, qoʻpol muomalada boʻlgan va boshi bilan uning bosh qismiga zarba bergan. Vaziyatni bartaraf etish maqsadida boʻlim davlat ijrochisi oraga tushib qarzdor fuqaro va byuro ijrochisini ajratgan.
Holatni oʻrganish davrida qarzdor fuqaro davlat ijrochiga nisbatan qoʻpol muomalada boʻlganini tan olib, undan kechirim soʻragan, oʻz navbatida, davlat ijrochisi ham unga nisbatan daʼvosi yoʻqligini bildirib, oʻzaro yarashganini bildirgan.
Ko`proq xabarlar Telegram kanalimizda Obuna bo`ling